Avvalroq O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket besh oy davomida yangi rekordlarni o‘rnatgani haqida xabar berilgandi.

2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari rekord darajadagi $66,31 mlrdga yetdi.

2025-yilda ularning qiymati 61%dan ziyodroqqa yoki $25,13 mlrdga ko‘paydi. O‘sishning asosiy omili — jahon bozorida oltinning keskin qimmatlashishi bo‘lib, bir troya unsiyasi narxi $2650 dan $4600 gacha ko‘tarildi.

Markaziy bank omborlaridagi oltin qiymati $55 mlrddan oshib, tarixiy yuqori ko‘rsatkichga erishdi. O‘tgan yil davomida oltin zaxiralari qiymati $23 mlrddan ko‘proqqa oshdi — bu deyarli 72%lik o‘sishni anglatadi.

Zaxiralardagi oltinning fizik hajmi ham ko‘paydi — yil boshidagi 12,3 mln troya unsiyasidan (382,5 tonna) 12,6 mln troya unsiyasigacha (391,9 tonna) yetdi.

Natijada O‘zbekiston o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha oltinning sof xaridoriga aylanib, o‘z zaxiralarini 9,33 tonnaga to‘ldirdi.

markaziy bank, oltin, oltin-valyuta zaxiralari, xalqaro valyuta jamg'armasi

Valyuta zaxiralari deyarli chorakka oshdi — $8,59 mlrddan $10,64 mrldgacha. Xorijiy markaziy banklar va Xalqaro valyuta jamg‘armasiga joylashtirilgan mablag‘lar hajmi 4 barobarga oshib, $1,48 mlrdga yetdi. Shu bilan birga, boshqa xorijiy kredit muassasalaridagi hisobvaraqlardagi mablag‘lar $516,1 mlnga kamayib, $7,62 mlrdni tashkil etdi.

Markaziy bank oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilishni davom ettirib, qimmatli qog‘ozlarga investitsiyalarni ko‘paytirdi.

Agar yanvar oyida markaziy bank zaxiralaridagi obligatsiyalar qiymati $100 mlndan sal ko‘proqni tashkil etgan bo‘lsa, dekabr oyiga kelib u 15 barobarga — $1,5 mlrddan oshdi.

Hozirda barcha zaxiralarning 2,3%dan ortig‘i qimmatli qog‘ozlarga to‘g‘ri kelmoqda. Agar oltin narxining keskin ko‘tarilishi bo‘lmaganida, ularning ulushi yana-da yuqoriroq bo‘lishi mumkin edi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston noyabr oyida dunyodagi eng yirik oltin xaridorlari uchligiga kirgani haqida yozgandi.