Dekabr oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi yana tarixiy rekordni yangiladi. Bu haqda Markaziy bank ma‘lumotlarida keltirilgan.

2026-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, regulyator zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati $66,31 mlrdni tashkil etdi. O‘tgan oyda zaxiralar $5,08 mlrdga yoki 8,3% ga, yil boshidan esa 61% ga oshdi. Shu bilan birga, bu ma’lumotlar e’lon qilina boshlangan davrdan buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Markaziy bank zaxiralaridagi oltin qiymati ham o‘z rekordini yangiladi. Qimmatbaho metall narxi bir oyda $4,23 mlrddan ortiqqa oshib, $55,09 mlrdni tashkil etdi. Oltinning fizik hajmi ham 0,4 mln unsiya — 12,2 mlndan 12,6 mln troy unsiyaga oshdi.

O‘tgan oyda O‘zbekistonning valyuta zaxiralari $1,09 mlrd yoki 8,4% ga oshdi. Natijada ularning hajmi $10,64 mlrddan ortiqqa yetdi. Bunda xorijiy markaziy banklar va XVJdagi hisob raqamlaridagi valyuta zaxiralari miqdori $1,48 mlrd, xorijiy banklarda esa $7,63 mlrd bo‘lgan.

Shuningdek, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlarning qiymati biroz — $5,3 mlnga ko‘payib, $1,53 mlrdga yetdi. Oltin-valyuta zaxiralarida aksiya va obligatsiyalarning ulushi 2,3% ni tashkil etadi.

O‘zbekiston noyabr oyida dunyodagi eng yirik oltin xaridorlari uchligiga kirdi. Markaziy bank bir oyda 10 tonna oltin sotib oldi, biroq yil boshidan buyon sotib olish hajmi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda qolmoqda.

Avvalroq Spot Markaziy bank oltin quymalarini qaytarib sotib olish narxlarini e’lon qila boshlagani haqida yozgandi.