O‘zbekneftgaz boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov neft bazalar rahbarlari va mas‘ul xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Unda neft bazalar faoliyatini sog‘lomlashtirish, moliyaviy-intizomiy holatni yaxshilash, soliq yukini optimallashtirish, ishchi-xizmatchilar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratish hamda o‘rtacha ish haqini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda aholiga halollik, poklik va ochiqlik tamoyillari asosida xizmat ko‘rsatish orqali sifatli neft mahsulotlarini yetkazib berish ustuvor masalalar bo‘lishi lozimligi ta‘kidlandi.
Olib borilgan o‘rganish natijasiga ko‘ra 2025-yil davomida yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun Termiz, Jizzax, Maroqand hamda Kuchlik neft bazalari rahbarlari egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.
Kompaniya rasmiy saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Termiz neft bazasiga G‘ayrat Raqshanovich Norqobilov, Jizzax neft bazasiga Muhammadali Akbutayevich Umarov, Maroqand neft bazasiga Anvar Ismatullayevich Ikramov, Kuchlik neft bazasiga esa Elyor Tolib o‘g‘li Xudayshukurov rahbarlik qilib kelgan.
2025-yilning dekabrida O‘zbekgidroenergo kompaniyasini boshqarib kelgan Abdug‘ani Sanginov O‘zbekneftgaz'ni qariyb 4 yil davomida boshqargan Bahodirjon Sidiqov o‘rniga boshqaruvi raisi etib tayinlangandi.
Undan keyin Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Sanginov jamoaga tanishtirildi. U “qisqa muddatlarda O‘zbekneftgaz'ni transformatsiya qilish bo‘yicha yangi strategiyani qabul qilish, jamoa bilan birgalikda gaz qazib chiqarishni barqarorlashtirish va sohada tizimli natijalarga erishilishi"ni bildirdi.
Prezident topshirig‘i bilan sohadagi boshqaruvni yana-da kuchaytirish maqsadida iqtisodiyot va moliya vazirining neft va gaz bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilinib, amaldagi vazir o‘rinbosari Xurshed Mustafayev mas‘ul bo‘ldi.
Avvalroq Abdug‘ani Sanginovning o‘g‘li Islom Abdurahmonov O‘zbekgidroenergo raisi v.v.b. etib tayinlangandi.
