Wildberries & Russ (RVB) birlashgan kompaniyasi WB Taxi’ning O‘zbekistondagi yangi rahbarini tayinladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Bo‘linma boshlig‘i etib Timur Aliyev tayinlandi. Bungacha u O‘zbekistonda Yandex Go xizmatini boshqargan va haydovchilar uchun raqamli ekotizimni rivojlantirish, 7 ta shaharda taksi agregatorini ishga tushirish, shuningdek, birinchi fleyt taksi parki va Yandex Flot mahsulotini yaratish uchun mas’ul bo‘lgan.

Yangi lavozimda Aliyev WB Taxi biznesining barqaror operatsion modelini shakllantirish vazifasini o‘z zimmasiga oladi. Uning vazifalari doirasiga hamkorlar, haydovchilar va taksoparklari bilan munosabatlarni rivojlantirish kiradi.

“Timur Aliyev — O‘zbekiston taksi bozorining eng tajribali va muvaffaqiyatli top-menejerlaridan biri. Ishonchimiz komilki, uning tajribasi taksi yo‘nalishimizni rivojlantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi”, — dedi RVB texnologiyalar, taksi xizmati va tashishni rivojlantirish departamenti direktori Anatoliy Smorgonskiy.

Wildberries’ning WB Taxi xizmati Toshkentda dekabr oyi o‘rtalarida ish boshladi. Foydalanuvchilarga to‘rtta tarif, shuningdek, naqd pulsiz to‘lov uchun sayohat narxining 50%i miqdorida keshbek taklif etiladi.

KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, WB Taxi joriy yilning iyun oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav fondi 500 ming so‘m bo‘lgan kompaniya “taksi faoliyati” bilan shug‘ullanadi. Ta’sischilar Wildberries’ning sho‘ba korxonasi bo‘lgan WB Int Export (99%) va RVB MCHJ (1%) birlashgan kompaniyasi hisoblanadi. Rahbar — Akmal Primqulov, u ham Wildberries kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori hisoblanadi.

Avvalroq Spot Soliq qo‘mitasi o‘zini o‘zi band qilgan taksi haydovchilari 2026-yildan soliqlarni qanday to‘lashi bo‘yicha tushuntirish bergani haqida yozgandi.