Anadolu Isuzu va SamAuto

2025-yilning avgust oyida Turkiyaning Anadolu Group tarkibiga kiruvchi Anadolu Isuzu avtomobil guruhi “Samarqand avtomobil zavodi” (SamAuto) ustav kapitalidagi 75,2% davlat ulushini $80 mlnga sotib olayotgani ma’lum bo‘ldi. Turkiya kompaniyasining taklifiga $80 mlnlik investitsiya rejasi ham kiritilgan.

Davaktiv agentligining ta’kidlashicha, investorning narx taklifi KPMG moliyaviy maslahatchisi tomonidan belgilangan SamAuto ulushini sotish narxlari oralig‘ida bo‘lib, xalqaro mustaqil baholovchi — PwC xalqaro kompaniyasi tomonidan belgilangan qiymatga mos keladi.

Dekabrga kelib Anadolu SamAuto’dagi davlat ulushini sotib olish uchun $80 mln to‘ladi. Investor, shuningdek, loyihaning o‘tkazilayotgan texnik-iqtisodiy baholash natijalari asosida shakllantirilgan xulosalar va tavsiyalarga muvofiq SamAuto‘ni yana-da rivojlantirish uchun $80 mln qo‘shimcha mablag‘ kiritadi.

Bitimni yakunlash uchun Anadolu Isuzu Turkiyaning tegishli nazorat organlaridan barcha zarur ruxsatnomalarni oldi. 19-noyabrda SamAuto ustav kapitalidagi 75,2% davlat ulushini sotib olish bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasi imzolandi.

9-dekabrda DABA Xususiylashtirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobiga $80 mln miqdorida to‘lov kelib tushdi. 10-dekabrda esa Xususiylashtirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan respublika byudjetiga 1 trln so‘m o‘tkazildi.

Bundan tashqari, investorning investitsion majburiyatlarini amalga oshirish doirasida tegishli investitsiya bitimi imzolanadi.


TBC Bank va OLX Uzbekistan

Avgust oyida TBC Bank Group OLX Uzbekistan aksiyalarining nazorat paketini sotib olganini ma’lum qildi. Titan Investments xalqaro holding kompaniyasi bilan qo‘shma korxona tuzish orqali TBC OLX aksiyalarining nazorat paketini (50% + 1 aksiya) qo‘lga kiritadi va natijada uning asosiy mulkdoriga aylanadi.

Platforma OLX brendini saqlab qoladi, biroq uning ichida TBC raqamli bank mahsulotlari, jumladan mikrokreditlardan tortib onlayn to‘lovlargacha bo‘lgan xizmatlar joriy etiladi.

“Bizning maqsad — iste’molchilarga xarid qilish va sotib olishda yordam berish, C2C (iste'molchidan iste’molchiga) asosidagi platforma atrofida ekotizim yaratish. Keyinchalik esa bu ikki ekotizimni bir-biriga bog‘lash mumkin bo‘ladi. Bu „ikki tomonlama tarmoq“ yoki „ikki tomonlama platforma“ deyiladi. Bu ayrim davlatlarda juda muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan, biz ham buni O‘zbekistonda amalga oshirmoqchimiz, ishonamizki, bunga erishamiz”, — dedi TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani.

Spot ekspertlar bilan OLX xaridi bozordagi kuchlar taqsimotini qanday o‘zgartirishi, bank nima uchun nobank platformalarga pul tikayotgani va boshqa o‘yinchilar endi nimani kutishlari mumkinligini muhokama qildi.

Bu kelishuv O‘zbekiston bozorida yangi standartlarni belgilashi, elektron tijorat madaniyatini tezlashtirishi va mahalliy startaplar uchun ham yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda. Shu bilan birga, mutaxassislar integratsiya xarajatlari va monopoliyaga oid xatarlar ham mavjudligini ta’kidladi.


TBC Bank va BILLZ

2025-yilning iyun oyida TBC Bank Group O‘zbekistonda chakana savdoni avtomatlashtirish yechimlari sohasida ishlaydigan BILLZ SaaS platformasida aksiyalarning nazorat paketini sotib olganini e’lon qildi. Bitim natijasida BILLZ platformasi TBC Uzbekistan ekotizimiga integratsiya qilinadi.

Kompaniya BILLZ aksiyalarining $12 mlngacha bo‘lgan nazorat paketini sotib oladi. Dastlab 53% ulush $9 mlnga xarid qilinadi, shundan so‘ng keyingi 2 yil ichida paket hajmini 60% gacha oshirish rejalashtirilgan. Bitim tugagach BILLZ qiymati $20 mlnni tashkil etishi mumkin.

Avgustga kelib, Raqobat qo‘mitasi TBC Bank Group PLC’ning Billz platformasiga egalik qiluvchi Shoppe Group korxonasining 46,67% ulushlarini sotib olish bo‘yicha arizasini ko‘rib chiqqani ma’lum bo‘ladi.

Maxsus komissiya bitimga oldindan rozilik berdi va raqobatni ta’minlash bo‘yicha bir qator talablar qo‘ydi. TBC Bank Group tarkibida TBC Bank va Payme mavjudligi inobatga olinib, Billz xizmatidan foydalanish shartlariga raqobatchi kompaniyalar zarariga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, Billz orqali yig‘iladigan ma’lumotlar TBC Bank yoki Payme foydasiga raqobatni cheklash uchun ishlatilmasligi, mijozlar va iste’molchilarga oid ma’lumotlar oshkor qilinmasligi shart qilib belgilandi.


Humo va Paynet

2024-yilning iyul oyi o‘rtalarida Davaktiv agentligi Humo’ning 100% ulushini xususiylashtirish boshlanganini ma’lum qildi. Jarayon uch bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqich 22-avgustda yakunlandi.

Aktivni sotib olishga O‘zbekiston, Yevropa va Osiyodan 8 nafar investor qiziqish bildirgan. 6 nafar talabgor esa keyingi bosqichga o‘tdi. Qozog‘istonning Kaspi fintex guruhi to‘lov tizimini sotib olishga qiziqish bildirgandi. Biroq, noyabr oyiga kelib, kompaniya xususiylashtirish jarayonida ishtirok etmaslikka qaror qildi.

Spot bilan suhbatda bo‘lgan ekspertlar Humo’ning minimal qiymatini $60−80 mlnga baholadi. Aniq narxni aniqlash uchun to‘lov tizimining joriy va prognozli moliyaviy ma’lumotlariga kirish zarur. Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortiqov bunga qo‘shilgan holda, “haqiqatga ancha yaqin” ekanini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Spot fintex bozori ishtirokchilari bilan Kaspi’ning O‘zbekiston bozoriga kengayishi, Humo bilan kelishuv ehtimoli, to‘lov tizimini sotib olishdagi rejalar va mahalliy biznesning Kaspi bilan raqobatlashishga tayyorligi haqida suhbatlashdi.

2025-yilning 13-yanvariga kelib, uchta da’vogardan eng yuqori narx — $65 mln taklifi bilan Paynet MBPMning 100% ulushini sotib olgani ma’lum bo‘ldi. Biroq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bitim tuzilganidan uch hafta (kelishuv 25-dekabrda amalga oshirilgan) o‘tgach bu haqida xabar bergan.

O‘tgan yilning 1-noyabr kuni “Paynet” aksiyadorlarining navbatdan tashqari yig‘ilishida MBPMning 100% davlat ulushini sotib olish to‘g‘risida bir ovozdan qaror qabul qilindi. Ijroiya organi “Humo” uchun to‘lov kunidagi Markaziy bank kursi bo‘yicha maksimal qiymati $65 mln bo‘lgan oldi-sotdi shartnomasini tuzishni ma’qullagan. Majburiy taklifni topshirishning oxirgi muddati etib 15-noyabr belgilangan.

Aksiyadorlar ijroiya organiga 15 mlrd so‘m miqdorida zakalat to‘lash, MBPMdagi davlat ulushini $65 mlnga sotib olish bo‘yicha Davaktivga taklif yuborish, oldi-sotdi shartnomasini imzolash va mablag‘larni “shartnomada belgilangan tartibda va muddatlarda” o‘tkazish topshirildi. Biroq, to‘lov muddati va tartibiga tomonlarning hech biri tomonidan aniqlik kiritilmagan.

Bitim qiymati 840,3 mlrd so‘mni ($65 mln) tashkil etdi, bu esa “Paynet"ning sof aktivlari miqdoridan (261 mlrd so‘m) uch baravar yuqori edi.

Paynet bosh direktori Anvar Isamuhamedov Humo xususiylashtirilishiga munosabat bildirib, kompaniya to‘lovlarning yangi shakl va usullarini joriy etishda halol raqobatga, milliy to‘lov tizimlarini rivojlantirish, ilg‘or moliyaviy va raqamli texnologiyalarni joriy etish sa’y-harakatlarini birlashtirishga sodiqligini ta’kidladi.


Yandex Uzbekistan va Allplay

Yandex Uzbekistan Allplay striming servisini sotib oldi. Raqobat qo‘mitasi Yandex Uzbekistan bilan bir kompaniyalar guruhiga kiruvchi Plus Entertainment Services Holding Ltd tomonidan Allplay platformasiga egalik qiluvchi Allmedia Safe Service va Anyway korxonalari ulushlarini sotib olishga oid arizani ko‘rib chiqdi.

Maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilgan tahlillardan so‘ng bitimning bozorga ta‘siri baholandi. Natijada, platformaning tadbirkor va yakuniy foydalanuvchilari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarga kelgusida bir tomonlama ta’sir ko‘rsatmaslik va ularni kamsitmaslik maqsadida qo‘mita bitimga shartli ravishda oldindan rozilik berdi.

Qarorga ko‘ra, Allplay platformasi video va audio kontent uzatish xizmatlarini ko‘rsatuvchi mustaqil bozor ishtirokchisi sifatida faoliyatini davom ettirishi shart.

Kompaniya “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun va hukumat qarori (256-son) bilan belgilangan talablarga to‘liq rioya qilishi, ushbu hujjatlarda taqiqlangan harakatlarni amalga oshirmasligi lozim.

Yandex Uzbekistan rahbari Izzat Shukurov o‘zining Telegram-kanalida Allplay o‘z brendi ostida rivojlanishini ta’kidlab, tez orada platforma yangilanishini e’lon qildi.

“Allplay yagona Yandex Plus obunasining bir qismi bo‘ladi, unda foydalanuvchilar kino va seriallardan tashqari musiqa, kitoblar, sport translyatsiyalari va ekotizim bonuslaridan — keshbek va Yandex Go’da “Taom"ni bepul yetkazib berish imkoniyatidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi”, — deb yozdi u.

Shukurovning so‘zlariga ko‘ra, bitim barcha zarur kelishuvlardan, shu jumladan Raqobat qo‘mitasi qaroridan o‘tgan.

Bundan tashqari, Yandex Uzbekistan monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etdi. U taksi agregatorlari (YGO UB) va tayyor taomlarni yetkazib berish (Y EATS) xizmatlari bo‘yicha o‘z faoliyatida raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya etish, shaffof va mas’uliyatli biznes yuritishni ta’minlashga qaratilgan.

Allplay Yandex Plus tarkibiga qo‘shilgach, platformadan ayrim film va seriallar olib tashlandi. Yandex Uzbekistan buni servisning yangi ish modeliga o‘tayotgani bilan izohlab, kontentning bir qismi vaqtincha mavjud emasligini, mashhur nomlarni qaytarish ustida ish olib borilayotganini bildirdi. Kompaniyaga ko‘ra, hozir platformada Amediateka, Start, Wink, Premiyer va Kinopoisk kontenti mavjud, qisqarish esa huquq egalari talabi bilan bog‘liq.


Click va Halyk Bank

2025-yilning iyul oyida Markaziy Osiyodagi eng yirik bank guruhi bo‘lgan Qozog‘istonning Halyk Bank banki O‘zbekistonning Click to‘lov platformasining 49% ulushini $176,4 mlnga sotib olganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, Click aksiyadorlari Halyk Bank’ning O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasi Tenge Bank’ning 49% ulushini $60,76 mlnga sotib olishga kelishib oldi. Ushbu o‘zaro bitim O‘zbekiston xususiy sektoridagi eng yirik bitimlardan biri bo‘lib, mintaqadagi an’anaviy banklar va fintech kompaniyalari o‘rtasidagi integratsiyaning yangi bosqichini belgilaydi.

Raqobat qo‘mitasi iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berishi, Markaziy bank esa bitim natijasida 20% dan 50% gacha bo‘lgan bank (Tenge Bank) ustav kapitalidagi ulushni sotib olishga ruxsat berishi kerak.

Click bosh direktori Ulug‘bek Rustamov Halyk Bank bilan strategik hamkorlik Click uchun yangi ufqlarni ochayotganini ta’kidladi.

“Endi navbatdagi bosqich. Biz chakana bankingga chiqamiz. Tenge Bank bilan birgalikda yangi avlod bankini barpo etishni boshlaymiz. Bu biz uchun yangi bozor, yangi jarayonlar va yangi sinovlar demakdir. Shu bilan birga, bu yangi imkoniyatlar hamdir” — dedi u.

Avgust oyida Spot Gafurov, Kardash & Partners hamkorlari bilan Halyk Bank va Click o‘rtasidagi bitim tuzilishi, uning ehtimoliy strategik sabablari va tomonlar uchun xavf-xatarlari, baholashning adolatliligi, shuningdek, O‘zbekiston bozori va investitsiya muhiti uchun ehtimoliy oqibatlarini muhokama qildi.

Oktabr oyida Click haligacha Halyk Bank bilan bitim bo‘yicha O‘zbekistondagi regulyatorlar roziligini olmagani ma’lum bo‘lgandi. Markaziy bank Litsenziyalash va ruxsat berish tartiboti departamenti rahbari Zohidjon Zunnunov Spot’ga qayd etishicha, ular o‘rtasidagi bitim Raqobat qo‘mitasining dastlabki roziligini olishi kerak.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Click va Halyk Bank qo‘mita roziligini olmasdan turib, Markaziy bankka dastlabki ruxsat olish uchun ariza topshirgan. Zohidjon Zunnunovning aniqlik kiritishicha, regulyator monopoliyaga qarshi organning dastlabki roziligini olmagan.

Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmatining Spot’ga ma’lum qilishicha, ular iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berish to‘g‘risida ma’lumotga ega emas.