Avvalroq O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi $11,3 mlrdga oshib, $75,4 mlrdga yetgani hpaqida xabar berilgandi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi yangi tashqi qarzlarni jalb qilishdan maqsad aholi turmush darajasini yaxshilash ekanini ma‘lum qildi. Bu ish o‘rinlari yaratish, infratuzilmani rivojlantirish, toza suv, energiya, transport va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini ta‘minlashni o‘z ichiga oladi.

“Tashqi moliyalashtirishning iqtisodiy mantig‘i ham aniq: iqtisodiyot tezroq o‘sishi uchun resurslar — kapital, texnologiyalar, uskunalar va yangi bozorlar zarur. Agar mamlakat resurslarni jalb etishni to‘xtatsa, o‘sish sekinlashadi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Qo‘shimcha moliyalashtirishsiz fuqarolarni ish bilan ta‘minlash, yo‘llar va ijtimoiy obyektlarni modernizatsiya qilish, suv ta‘minotini kengaytirish, energiya resurslari bilan ta‘minlashda qiyinchiliklar yuzaga keladi. O‘zbekiston iqtisodiyot o‘sishini tezlashtirish va aholi turmush sifatini yaxshilash uchun investitsiyalarni jalb qilish ustida ishlamoqda.

Shuningdek, vazirlik hukumat nomidan majburiyatlar hajmini qayd etdi: $75,4 mlrdlik tashqi qarzdan davlat ulushiga atigi $37,4 mlrd to‘g‘ri keladi — bu umumiy summaning yarmidan sal kamrog‘i. Qolgan $38 mlrd davlat kafolatisiz korporativ qarzlardir.

Hozirgi davlat tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotning taxminan 26%ini tashkil etadi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ta‘kidlashicha, bu makroiqtisodiy barqarorlik uchun taxminiy xavf chegaralaridan ancha past (XVF tavsiyalariga ko‘ra 60% — Spot).

Vazirlik 2017-yildan boshlab O‘zbekiston tashqi qarzlar hisobiga infratuzilmani keng ko‘lamli modernizatsiya qilganini alohida ta‘kidladi.

  • Masalan, transport sohasida 4 ta Boeing 787−8 samolyoti, ikkita Talgo 250 tezyurar poyezdi, 30 ta elektrovoz, 29 ta metro tarkibi, 1900 ta avtobus xarid qilindi. 1564 km avtomobil yo‘llari qayta qurildi, 470 km temir yo‘l liniyalari elektrlashtirildi.
  • Kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida qariyb 6,8 ming km suv quvurlari, 664 km kanalizatsiya tarmoqlari, 96 km issiqlik quvurlari, 166 ta suv taqsimlash inshootlari, 1286 ta issiqlik punktlari qurildi. 541 ta axlat tashish mashinasi xarid qilindi.
  • Energetika sohasida 2,7 GVt qo‘shimcha quvvatlar, shuningdek, 1,1 ming km elektr uzatish liniyalari ishga tushirildi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish 16,4 milliard kVt·soatga, issiqlik energiyasi ishlab chiqarish 551,8 ming Gkal ga oshdi.
  • Qishloq xo‘jaligida 1,59 ming km kanallar tiklandi, 423 ta vertikal quduqlar qurildi, 3396 ta gidrotexnik inshootlar modernizatsiya qilindi. 2,2 ming gektarda issiqxonalar va 12 ming gektarda intensiv bog‘lar ish boshladi. Yangi sovutish omborlari (335 ming tonna mahsulotga mo‘ljallangan) va oziq-ovqat sanoati loyihalari (258 ming tonna quvvatga ega) tashkil etildi.

O‘zbekiston tashqi resurslarni “qat‘iy qoidalar”, shaffoflik va nazoratga rioya qilgan holda jalb qilishi ta‘kidlandi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Shavkat Mirziyoyevning dekabr oyidagi Murojaatnomasida prezident Oliy Majlis tomonidan tashqi qarz hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarni tanlab olishdan to amalga oshirishgacha bo‘lgan jarayonni kuzatib borishini e‘lon qilganini eslatib o‘tdi.

“Loyihalarning holati, bosqichlari va jarayonlari real vaqt rejimida e‘lon qilib boriladi, bu esa tanlov va tenderlar qanday o‘tayotgani hamda majburiyatlar qanday bajarilayotganini aniq ko‘rish imkonini beradi”, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 2025-yilda qanchaga oshgani haqida yozgan edi.