Hukumatning issiqxona sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Hujjat Lex.uz‘da eʼlon qilindi.

Hukumat huzuridagi Loyiha ofisi O‘zbekistonda issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va ularning samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturni ishlab chiqishni muvofiqlashtiradi. Unda rahbar bilan birga 6 kishi ishlaydi.

Yangi tuzilma Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, eksport, savdo, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari kotibiyatiga hisobot beradi.

Loyiha ofisi mutaxassislari dastur talablari va texnik shartlarini belgilashlari kerak. Ular xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari va konsalting kompaniyalarining issiqxona sohasiga oid tavsiyalarini umumlashtirish va tahlil qilish uchun mas‘ul.

Shuningdek, loyiha ofisiga xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan tashabbuslarni amaliyotga joriy etish vazifasi yuklatiladi. Uning yana bir vazifasi issiqxonalarni rivojlantirish masalalarini tahlil qilish va sohadagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini belgilash bo‘ladi.

Dasturni ishlab chiqish prezidentning oktabr oyida qabul qilingan issiqxonalar samaradorligi va ularning eksport imkoniyatlarini oshirish to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan. Issiqxonalarda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini joriy yilda $3,5 mlrdga, kelgusi yilda $4 mlrdga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Issiqxona xo‘jaliklari uchun yangi soliq imtiyozlari joriy etilmoqda — xususan, 2028-yil oxirigacha ijtimoiy soliq stavkasi 1%ni tashkil etadi. Shuningdek, ularga 2025-yil 1-oktabr holatiga soliq qarzini foizlar hisoblanmagan holda to‘lashga ruxsat beriladi.


Avvalroq O‘zbekistonda issiqxona tashkil etishda Xitoy tajribasidan foydalanilishi haqida xabar berilgandi.