Neft bazalarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha “favqulodda holat” e‘lon qilindi. Bu haqda O‘zbekneftgaz matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov neft bazalar rahbarlari va mas‘ul xodimlari ishtirokida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolarni ochiq muhokama qilish hamda 2026-yilgi rejalarni belgilash maqsadida tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda neft bazalarning hozirgi holati qoniqarsiz ekani, mahsulot realizatsiyasida samarali va shaffof tizim yo‘lga qo‘yilmagani qayd etildi.
Xususan, 2025-yilda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi oldida qarzdorlikning sezilarli oshib ketgani, xodimlar faoliyati ustidan nazorat yetarli darajada ta‘minlanmagani keskin tanqid qilindi.



Neft mahsulotlarini oldindan to‘lovlarsiz yetkazib berilishi evaziga joriy yil 1-yanvar holatiga kelib iste‘molchilarning neft bazalar oldidagi qarzdorligi 322,5 mlrd so‘mga yetgan. Shundan qishloq xo‘jaligi korxonalarining qarzi 243,2 mlrd so‘m yoki 75%ini tashkil qiladi.
To‘lovsiz neft mahsulotlarini realizatsiya qilish mumkin emasligiga qaramay qarzga berilgan, undirish masalasi bilan shug‘ullanilmagan.
Qishloq xo‘jaligi korxonalariga berilgan 243,2 mlrd so‘mlik qarzdorlikning 158 mlrd so‘mi (65%i) umidsiz qarzdorlikka aylangan.
2025-yil davomida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Termiz, Jizzax, Maroqand, Kuchlik hamda To‘raqo‘rg‘on neft bazalari rahbarlari egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.
Shuningdek, aksariyat neft bazalarida mavjud sig‘imlardan samarali foydalanilmayotgani, ayrim obyektlar bo‘sh turgani oqibatida ortiqcha xarajatlar yuzaga kelayotgani va bu daromadga ta‘sir qilayotganiga e‘tiroz bildirildi.
Yer uchastkalarini konservatsiya qilish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Neft baza rahbarlarining qo‘shimcha daromad manbalarini izlashga yetarlicha tashabbus ko‘rsatmagani, boqimandalik kayfiyati saqlanib qolgani ham salbiy holat sifatida baholandi.
Talon-tarojlik va noqonuniy holatlarni keskin kamaytirish maqsadida raqamlashtirish bo‘yicha xorijiy ilg‘or tajribalar o‘rganilib, milliy modelni joriy etish taklifi ilgari surildi. Ushbu yo‘nalishda raqamli nazoratni joriy etish yagona samarali yechim ekani qayd etildi.
Barcha neft bazalarni avtomatlashtirish va jamiyatning Markaziy dispetcherlik xizmati monitorlariga integratsiya qilish bo‘yicha 2026-yil uchun dastur ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Bundan tashqari, neft bazalardagi komplayens xodimlari faoliyati ham qoniqarsiz deb baholandi. Endi har bir xodimning KPI neft bazada aniqlagan kamchilikka qarab belgilanadi.
Yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olib neft bazalarda ham “favqulodda holat” e‘lon qilindi. Ularni sog‘lomlashtirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan kompleks dastur ishlab chiqilishi belgilandi.
2025-yilning dekabrida O‘zbekgidroenergo kompaniyasini boshqarib kelgan Abdug‘ani Sanginov O‘zbekneftgaz'ni qariyb 4 yil davomida boshqargan Bahodirjon Sidiqov o‘rniga boshqaruvi raisi etib tayinlangandi.
Undan keyin Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Sanginov jamoaga tanishtirildi. U “qisqa muddatlarda O‘zbekneftgaz'ni transformatsiya qilish bo‘yicha yangi strategiyani qabul qilish, jamoa bilan birgalikda gaz qazib chiqarishni barqarorlashtirish va sohada tizimli natijalarga erishilishi"ni bildirdi.
Prezident topshirig‘i bilan sohadagi boshqaruvni yana-da kuchaytirish maqsadida iqtisodiyot va moliya vazirining neft va gaz bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilinib, amaldagi vazir o‘rinbosari Xurshed Mustafayev mas‘ul bo‘ldi.
Avvalroq Abdug‘ani Sanginovning o‘g‘li Islom Abdurahmonov O‘zbekgidroenergo raisi v.v.b. etib tayinlangandi.



