9-yanvar kuni Facebook tarmog‘ida “2021-yilga qadar milliy haydovchilik guvohnomasini olgan haydovchilar yangi imtihon markazlarida grafik asosida majburiy tartibda, bepul qayta imtihondan o‘tkazilishi” haqidagi xabarlar e’lon qilingandi.

Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ushbu holat yuzasidan rasmiy izoh berdi.

“Ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi hamda u hech qanday huquqiy asoslarga ega emasligini ma’lum qilamiz. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan bu kabi yolg‘on xabarlarni tarqatib, fuqarolarni chalg‘itmasliklarini so‘rab qolamiz”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, YHXX Ma’muriyi javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks bilan yolg‘on axborot tarqatganlik uchun jarima belgilanganini eslatib o‘tgan.

O‘zbekistondagi Yagona imtihon markazlarida haydovchilik guvohnomasi uchun imtihon narxlari 50% ga oshirildi. Bu haqda kompaniya veb-saytida joylashtirilgan Ommaviy ofertada qayd etilgan.

Ushbu o‘zgarish 6-yanvardan boshlab kuchga kirgan. Endilikda birinchi marta nazariy va amaliy imtihonlarni topshirish narxi har biri uchun 1,5 mln so‘mni tashkil etadi. Umumiy narx — 3 mln so‘m.

Nazariy va amaliy imtihonlarni qayta topshirish uchun esa to‘lov har biri 1,6 mln so‘mdan etib belgilandi. Bungacha birinchi marta imtihon topshirish narxi 1 mln so‘m (amaliy va nazariy uchun umumiy narx — 2 mln so‘m), har bir qayta topshirish uchun esa 1,2 mln so‘mni tashkil etgan.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda 1300 dan ortiq soxta “prava"lar bekor qilingani haqida yozgandi.