Ijtimoiy himoya milliy agentligi davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash hamda to‘lashga oid ayrim savollar yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Mehnat kodeksi bilan homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash hamda to‘lash tartibini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi. 2025-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida"gi qonunga (O‘RQ-1101-son) muvofiq davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha eng kam sug‘urta staji hamda to‘lovlar muddatlari ham hukumat tomonidan belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi (VM-796-son) qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi miqdorini hisoblashda sug‘urtalangan shaxsning sug‘urta stajiga mutanosib ravishda staj koeffitsiyentlari qo‘llaniladi.

Xususan:

  • 10 oydan 24 oygacha sug‘urta staji bo‘lganda — 75%;
  • 25 oydan 60 oygacha — 85%;
  • 61 oy va undan ortiq — 100%.

“Shundan kelib chiqib, yangi tartib Mehnat kodeksiga zid emas. Chunki, kodeksning 404-moddasida homiladorlik va tug‘ish ta’tili davri uchun o‘rtacha oylik ish haqining kamida 75%i miqdorida nafaqa to‘lanishi saqlanib qolgan, uning aniq tartibini belgilash esa Vazirlar Mahkamasiga yuklatilgan”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi orqali tayinlanadigan nafaqalar huquqiy jihatdan mehnat faoliyati va sug‘urta badallarini to‘lash natijasida shakllanadigan sug‘urta huquqi ekani qayd etildi. Tizim ijtimoiy yordam emas, balki sug‘urta mexanizmiga asoslanib, nafaqa olish huquqi sug‘urtada ishtirok etish bilan bevosita bog‘liq hisoblanadi.

Oldingi tartibga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish nafaqalari ijtimoiy sug‘urta tizimi doirasida faqat budjet tashkilotlarida to‘lab kelingan hamda ular ish beruvchining to‘g‘ridan to‘g‘ri majburiyati sifatida moliyalashtirilgan. Natijada sug‘urta badallari va nafaqa olish huquqi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik kuzatilmagan.

Ayrim hollarda nafaqa olish maqsadida qisqa muddatli va sun’iy mehnat munosabatlari rasmiylashtirilgani qayd etilgan. Yangi talablar esa barcha rasmiy ishlovchi fuqarolar uchun teng sharoit yaratishi, sug‘urta huquqi va sug‘urtada ishtirok etish mutanosibligini ta’minlashi hamda tizimning moliyaviy barqarorligini kafolatlashi ta’kidlandi.

“Shu bilan birga, mazkur mexanizm ayollarning ijtimoiy himoyasini cheklamaydi, aksincha, ularning rasmiy bandligini rag‘batlantirish va sug‘urta tizimida uzluksiz ishtirokini ta’minlash orqali uzoq muddatli ijtimoiy kafolatlarni mustahkamlaydi”, — deyiladi xabarda.

Avvalgi tartibga ko‘ra, xususiy sektorda ishlovchi ayollar ushbu nafaqani olish uchun kamida oxirgi 6 oy uzluksiz ish stajiga ega bo‘lishi kerak edi. Nafaqa ishga kirganidan 12 oygacha bo‘lgan davrda o‘rtacha oylik ish haqining 75% miqdorida to‘langan.

Agentlik ko‘plab rivojlangan davlatlarda (jumladan, Fransiya, Qozog‘iston, BAA, Yaponiya va boshqalarda) bu nafaqani olish uchun kamida 10−12 oylik ish yoki sug‘urta staji talab etilishini misol qildi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda ish haqi, pensiya va nafaqalar 2030-yilgacha inflyatsiyadan yuqori oshirilishi belgilangani haqida yozgandi.