O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasida (O‘zRTXB) propan narxi oshishda davom etmoqda. Bu savdo maydonchasi ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
8-yanvar kuni suyultirilgan gaz narxi 7,1% ga oshib, bir tonnasi uchun 9,27 mln so‘mdan ortiqqa yetdi. Yil boshidan beri propan 14,7% ga yoki qariyb 1,2 mln so‘mga qimmatlashdi.
Shu bilan birga, taklif hajmi o‘tgan yil oxiriga nisbatan keskin qisqardi. Xususan, payshanba kuni propan savdosi 1991 tonnani tashkil etdi, bu 2025-yil 30-dekabrdagiga nisbatan 16,7% kam.
11-dekabrdan buyon propan narxi 28% dan ortiqqa oshdi. Natijada bir oydan kam vaqt ichida bir tonna suyultirilgan gaz qariyb 2 mln so‘mga qimmatlashgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning qayd etishicha, yil boshidan AYoQSHlarda chakana narxlar 6100−6200 so‘mdan 6800−7000 so‘mgacha oshgan. Uning fikricha, bozorda propan bo‘yicha sun’iy tanqislik shakllanayotgan bo‘lishi mumkin.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi propanning birja narxlari keskin oshishi yuzasidan izoh berganicha yo‘q.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oyida propan 1,3% ga qimmatlashgan, yuqori narx chegarasi esa bir litri uchun 7600 so‘mni tashkil etgan. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, suyultirilgan gaz narxi 10,5% ga arzonlashgan
Biroq rasmiy statistika O‘zRTXB ma’lumotlaridan farq qiladi. Agar 2024-yil 27-dekabr va 2025-yil 30-dekabrdagi propan narxi taqqoslansa, o‘sish 27,56% ni — bir tonnasi uchun 6,4 mln so‘mdan 8,08 mln so‘mgacha oshganini ko‘rsatadi.
2024-yilning noyabr oyi boshida Raqobat qo‘mitasi suyultirilgan gaz narxining oshishiga sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 20% miqdorida cheklov joriy etgandi. Bu propan narxi bir tonnasi uchun 10,1 mln so‘mdan oshib, AI-80 benzinini ortda qoldirganidan so‘ng joriy etilgan.
Avvalroq 8-yanvardan metan “zapravka"lar faoliyati yana cheklangani haqida xabar berilgandi. Metan “zapravka"lar soat 10:00 dan 16:00 ga qadar ishlaydi.
