Qishki o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hukumat qarori (VM-578-son) bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, bahorgi semestr uchun oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘qishini ko‘chirish (qayta tiklash) bo‘yicha arizalarni qabul qilish muddatiga o‘zgartirish kiritilgan.

Unga ko‘ra, ariza topshirish muddati har yili 10-yanvardan 20-yanvargacha (shu kuni ham) amalga oshiriladi.

Quyidagi ikkitta uzrli sababga ko‘ra mamlakatning bir OTMdan ikkinchisiga o‘qishni ko‘chirish yoki tiklash mumkin:

  • talaba oila qurishi sabab, turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga o‘qishini ko‘chirishida;
  • davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida.

Arizalar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining transfer.edu.uz yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali onlayn qabul qilinadi.

Quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  • akademik ma’lumotnoma yoki transkript nusxasi;
  • o‘qishni ko‘chirish sabablarini tasdiqlovchi hujjatlar.

Vazirlik bahorgi semestr oldidan bir oliy ta’lim tashkilotidan boshqasiga “o‘qishni ko‘chirib tiklash” bo‘yicha arizalar qabul qilinmasligini eslatdi.

Ariza topshirish jarayonida kiritilayotgan ma’lumotlar va yuklanadigan hujjatlarni yuborishdan oldin diqqat bilan tekshirib chiqish so‘raladi. Ariza yuborilgach, uni tahrirlash imkoni mavjud emas.

Arizalar belgilangan tartibda oliy ta’lim tashkilotlari, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan 21-yanvardan 10-fevralgacha ko‘rib chiqiladi va natijasi yuzasidan talabgorlarga ma’lum qilinadi.

Avvalroq talabalar uchun kontrakt to‘lash muddati uzaytirilgani haqida xabar berilgandi. Bakalavr va magistratura talabalari to‘lov-kontraktni mablag‘larini kelasi yilning 31-yanvarigacha to‘lashlari mumkin.