Raqobat qo‘mitasi ichki bozorda propan narxi qimmatlashgani bo‘yicha rasmiy izoh berdi.

Birja savdolarida 2025-yilda jami 358 ming tonna suyultirilgan gaz sotilgan bo‘lib, shundan 61%i (219 ming tonna) mahalliy va 39%i import mahsulot hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Bu ko‘rsatkich yanvar-iyul oylarida o‘rtacha 80% gachani tashkil etgan bo‘lsa, avgust oyidan boshlab ichki bozorda mahalliy mahsulot ulushi kamayib borgan. 2025-yilning dekabr (35%) va 2026-yil yanvar oyining o‘tgan davrida 10% gacha pasaygan.

Qo‘mita buning asosiy sababini mahalliy mahsulotni aholi va ijtimoiy soha obyektlariga yo‘naltirilgani bilan izohladi.

Mahalliy mahsulot boshlang‘ich narxi o‘tgan yil davomida deyarli oshmaganligi, propan narxi oshishiga boshlang‘ich narxga nisbatan 20% chegara (spred) qo‘yilishi va 1 ta savdo sessiyasida 5 tonna (bungacha — 10 tonna) xarid limiti o‘rnatilgani hisobiga mahalliy mahsulot sotilish narxi 1 tonnasi uchun 7 mln so‘mdan oshmagan. Import mahsulot narxi esa 8 mln so‘mgacha shakllangan.

Shu bilan birga, mahalliy va import mahsulotning boshlang‘ich (50%) va sotilish (35%) narxi o‘rtasida 40% gacha tafovut mavjud. Biroq, so‘nggi oylarda birja savdolaridagi o‘rtacha narx ichki bozorda import mahsulot ulushi va talabning oshishi hisobiga shakllanmoqda.

Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan import mahsulotning boshlang‘ich narxlari oshirilishi sababli bugungi kunda 1 tonna suyultirilgan gaz o‘rtacha 9,5 mln so‘mgacha sotilmoqda — dekabrga nisbatan o‘sish 20%.

Qo‘mita ichki bozorda propan narxlarini barqarorlashtirish uchun o‘z vakolati doirasida tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ma’lum qildi. Yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi narxlar yuzasidan doimiy monitoring o‘rnatilgan.

“Ta'kidlash joizki, mamlakatda, propanda harakatlanuvchi avtomobillar soni 11% ni tashkil etadi. Shuningdek, ichki bozorda avtomobillar uchun sotilgan yoqilg‘i mahsulotlari summasining atigi 5%i propanga to‘g‘ri keladi. Biroq, hozirgi vaziyatda chakana narxlar to‘g‘risida har qanday ma’lumotning yoritilishi yoki narxlar oshishi to‘g‘risida axborot tarqatilishi ichki bozorda yagona narx shakllanishiga va bozor tamoyillari buzilishiga olib kelishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

Qo‘mita barcha ijtimoiy tarmoq faollarini ichki bozorda narxlar oshishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday axborotlarni tarqatmaslikka chaqirdi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida qo‘shimcha axborot berib borilishi ma’lum qilindi.

Respublikasi tovar-xom ashyo birjasida (O‘zRTXB) propan narxi oshishda davom etmoqda. 8-yanvar kuni suyultirilgan gaz bir kunda 7,1% ga qimmatlab, bir tonnasi 9,27 mln so‘mdan oshdi. Yil boshidan buyon narxlar 14,7% ga ko‘tarildi. Taklif hajmi esa o‘tgan yil oxiriga nisbatan 16,7% ga qisqardi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov AYOQSHlarda chakana narxlar 6100−6200 so‘mdan 6800−7000 so‘mgacha oshganini qayd etib, bozorda sun’iy tanqislik ehtimolini istisno etmadi.

Avvalroq 8-yanvardan metan “zapravka"lar faoliyati yana cheklangani haqida xabar berilgandi. Metan “zapravka"lar soat 10:00 dan 16:00 ga qadar ishlaydi.