Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida fermerlar yerlarini ommaviy ravishda olib qo‘yishga urinishlar haqida xabarlar tarqaldi. Biznes ombudsman ushbu holat yuzasidan izoh berdi.

Maʼlum qilinishicha, vaziyat Biznes ombudsman tomonidan nazoratga olingan va hozirda o‘rganilmoqda.

“Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida"gi qonun ning 5-moddasiga ko‘ra, yer uchastkasi berilganda fermer xo‘jaligi qishloq xo‘jalik ekinlari hosildorligi qonunchilikda belgilangan normativdan kam bo‘lmasligini taʼminlash majburiyatini oladi. Bu talab yerni ijaraga olish shartnomasida mustahkamlab qo‘yiladi.

Shuningdek, yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi tomonlarning kelishuviga asosan, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa sud tartibida o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkinligi qayd etildi.

Biznes ombudsman davlat organlarini fermer xo‘jaliklari bilan yerga oid munosabatlarda qonun talablariga qatʼiy rioya qilishga chaqirdi.

Holat bo‘yicha Xovos tumani hokimligi ham izoh berdi. Taʼkidlanishicha, tumanda fermerlarning yerlari noqonuniy olib qo‘yilayotgani haqidagi maʼlumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Xovos tumanida bugungi kunda 770 ta fermer xo‘jaligi mavjud bo‘lib, ular jami 30 ming gektar maydonda dehqonchilik faoliyatini amalga oshirmoqda. Biroq hamma fermer xo‘jaliklari ham ijara shartnomasi va amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilmayotgani aytildi.

“Ayrim fermerlar tomonidan yer maydonlaridan samarasiz foydalanish, belgilangan majburiyatlarni bajarmaslik holatlari ishsizlikning ortishiga, mahsulot hajmining kamayishiga hamda byudjet tushumlarining to‘liq taʼminlanmasligiga olib kelmoqda”, deyiladi hokimlik xabarida.

Qayd etilishicha, bugungi kunda tumandagi fermer xo‘jaliklarining soliq organlari oldida 40 mlrd so‘m, banklar oldida esa 128 mlrd so‘m miqdorida qarzdorligi mavjud. Majburiy ijro byurosida ayni paytda 523 ta fermer xo‘jaligiga oid 891 ta ijro hujjati mavjud bo‘lib, ular bo‘yicha qonunchilikka muvofiq undiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, tuman hokimligi tomonidan yer ijara shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida 110 ta fermer xo‘jaligiga nisbatan sudga daʼvo arizalari kiritildi.

“Tuman hokimligi tomonidan fermerlarga nisbatan hech qanday noqonuniy harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Barcha chora-tadbirlar qonun doirasida, yaʼni sud qarorlari yoki fermerlarning ixtiyoriy arizalari (faqatgina notarial tasdiqlangan holatda) asosida amalga oshiriladi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Dekabr oyi oxirida biznes uchun mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha imtiyoz shartlari qatʼiylashtirilgandi.


Avvalroq 2026-yilda yer solig‘ining bazaviy stavkalari 7%ga oshgandi.