Talabalarning buyurtmachi tashkilotlar bilan hamkorligi tashkil etiladi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjat bakalavriat yo‘nalishida 2 va undan yuqori kurslarda o‘qiyotgan talabalarning shartnoma to‘lovlarini ish beruvchilar tomonidan qoplab berish tartibini belgilaydi. Shuningdek, taʼlimni muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilarni ishga qabul qilish mexanizmlarini nazarda tutadi.
Nizomga ko‘ra, oliy taʼlim tashkilotlari va talabalar o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuzilishi mumkin. Bunda ishchilar soni 50 nafardan ortiq yoki qiymati kamida $1 mln bo‘lgan investitsiya loyihalariga ega vazirliklar, idoralar va tashkilotlar buyurtmachi sifatida ishtirok etadi.
Talabalar har yili 20-sentabrgacha saralashda ishtirok etish uchun oliy taʼlim tashkilotiga elektron ariza topshiradi. Bunda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi maʼlumotnoma ilova qilinadi.
Talabalar o‘qishni bitirganidan so‘ng buyurtmachi korxona yoki tashkilotda ishlab berish sharti bilan ariza topshiradi.
Ariza topshirish va saralab olishda ishtirok etuvchi talabgorlarning joriy o‘quv yilida o‘zlashtirish GPA ko‘rsatkichi 3 va undan yuqori bo‘lishi talab etiladi.
Tanlov komissiyasi har yili 15-oktabrgacha oliy taʼlim tashkilotida talabgorlarni suhbat asosida saralab olishdan o‘tkazadi.
Talabgorlarni saralab olishda buyurtmachi vakili xulosasi asosiy mezon hisoblanadi.
Uch tomonlama shartnoma tuzgan va taʼlimni muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar o‘qishini bitirganidan keyin buyurtmachi tomonidan belgilangan tartibda ishga qabul qilinadi.
2025-yilning noyabrida bitiruvchilarni ishga olgan tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilangandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda xorijiy talabalar soni yil boshidan 1,5 baravarga oshgani haqida yozgandi.
