12-yanvar, dushanba kuni O‘zbekistonda o‘lchovli oltin quymalarning narxi yangi rekord ko‘rsatkichni qayd etdi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.
Oltinning bir grammi 1 802 000 so‘m bo‘lib, uning qiymati o‘tgan jumaga nisbatan 2% dan ortiqqa oshgan. Og‘irligi 5 gramm bo‘lgan quyma esa 9 mln 10 ming so‘mga baholanmoqda.
Shu bilan birga, oltin quymalarning sotish va qayta sotib olish narxlari o‘rtasidagi farq 3,88% atrofida shakllanmoqda. Quymalarning sotuv va qayta sotish narxlari batafsil quyida keltirilgan:
| Og‘irligi | Sotish narxi | Qaytarib sotib olish narxi | |
| qadog‘i but holatda | qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan holatda (texnik ekspertizadan so‘ng) | ||
| 5 gramm | 9 010 000 so‘m | 8 660 000 so‘m | 8 573 000 so‘m |
| 10 gramm | 18 020 000 so‘m | 17 320 000 so‘m | 17 145 000 so‘m |
| 20 gramm | 36 040 000 so‘m | 34 640 000 so‘m | 34 291 000 so‘m |
| 50 gramm | 90 100 000 so‘m | 86 601 000 so‘m | 85 726 000 so‘m |
| 100 gramm | 180 200 000 so‘m | 173 202 000 so‘m | 171 453 000 so‘m |
Jahon bozorida ham oltin narxi oshishda davom etmoqda. 12-yanvar kuni oltinning jahon kotirovkalari bir troya unsiyasi uchun $4580 dan ortiqni tashkil etdi.
Markaziy bank 2026-yildan boshlab o‘lchovli oltin quymalarining qaytarib sotib olish narxlarini e’lon qilishni boshladi. Oldin faqat quymalarning sotuv narxi e’lon qilingan bo‘lsa, endilikda ularni qayta sotib olish narxlarini ham kuzatib borish mumkin. Narxlar quyma qadog‘ining holatiga qarab belgilanadi.
Avvalroq O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket besh oy davomida yangi rekordlarni o‘rnatgani haqida xabar berilgandi. 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari rekord darajadagi $66,31 mlrdga yetdi.