O‘zbekistonda tezyurar poyezdlardagi yo‘lovchilar oqimi 2030-yilga kelib 2 barobardan ziyod ko‘payadi. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan O‘zbekiston-2030 strategiyasi loyihasida maʼlum qilingan.

Loyihaga ko‘ra, 2026-yilda tezyurar poyezdlar 1,5 mln yo‘lovchini tashishi kutilmoqda. Keyingi yilda yo‘lovchilar oqimi 2 mln kishidan oshadi, 2028-yilda — 2,5 mln, 2029-yilda esa — 2,75 mln kishiga yetadi.

2030-yilga kelib tezyurar poyezdlarda yo‘lovchi tashish hajmini 3,25 mln kishiga yetkazish rejalashtirilgan (besh yil ichida 2,16 barobar o‘sish).

2023-yil sentabr oyida tasdiqlangan strategiyaning dastlabki versiyasida tezyurar poyezdlarda yo‘lovchi tashish sonini 2,5 barobarga oshirish vazifasi qo‘yilgan edi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma‘lumotlariga ko‘ra, 2023-yil yakunlariga ko‘ra, yuqori tezlikda harakatlanuvchi Afrosiyob (Talgo 250) poyezdlari 1,47 mln yo‘lovchini tashigan, bu barcha temir yo‘l yo‘lovchi tashishlarining 15,2%ini tashkil etadi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi bilan 6 ta tezyurar poyezd sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ularning birinchi partiyasi 2025-yil dekabr oyida O‘zbekistonga jo‘natildi. Yangi elektropoyezdlar 2026-yil mart oyidan keyin Toshkent va Xiva o‘rtasida qatnay boshlaydi. 35 ta vagondan iborat qolgan beshta Hyundai Rotem poyezdlari 2027-yilgacha yetkazib berilishi kutilmoqda.


Avvalroq O‘zbekiston temir yo‘llari va Talgo 80 mln yevrolik shartnoma imzolagani haqida xabar berilgandi.