Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi propan narxi asossiz oshirilishiga qarshi choralar ko‘rmoqda. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Nazorat organi 2025-yilning noyabr-dekabr oylarida metan gaziga kiritilgan vaqtinchalik cheklovlardan foydalangan holda suyultirilgan gaz narxlarini asossiz oshirmaslik bo‘yicha bozor ishtirokchilariga profilaktik maqsadlarda ogohlantirishlar yuborgan.

“Shunga qaramay, ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan adolatli bozor tamoyillariga zid ravishda narxlar asossiz oshirilishiga sabab bo‘luvchi manipulyatsiya va muvofiqlashtirilgan harakatlar alomatlari kuzatilmoqda”, — deyiladi xabarda

Qo‘mita tomonidan aniqlangan holatlar yuzasidan o‘rnatilgan tartibda qonunbuzilishi alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atish ishlari boshlandi.

Bundan tashqari, birja savdolarida narxlarni barqarorlashtirish yuzasidan “korreksiyalashtiruvchi” choralar ko‘rilmoqda. Xususan, bozor ishtirokchilariga birja savdolariga mahsulotlarni to‘liq hajmda va bir maromda chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar yuborildi.

Bundan oldin nazorat organi ichki bozorda propan narxi qimmatlashganiga izoh bergandi. 2025-yilda birjada 358 ming tonna suyultirilgan gaz sotilgan bo‘lib, uning 61%i mahalliy mahsulotga to‘g‘ri kelgan. Biroq mahalliy propan ulushi yil boshidagi o‘rtacha 80% dan 2025-yil dekabrda 35% gacha, 2026-yil yanvarida esa 10% gacha kamaygan.

Qo‘mita buni mahalliy mahsulotning aholi va ijtimoiy soha obyektlariga yo‘naltirilayotgani bilan izohladi. Mahalliy propan narxi cheklovlar va savdo limitlari sabab 1 tonnasi uchun 7 mln so‘mdan oshmagan, import mahsulot narxi esa 8 mln so‘mgacha shakllangan.

So‘nggi oylarda birja savdolaridagi o‘rtacha narx import mahsulot ulushi va talabning oshishi hisobiga shakllanmoqda. Import narxlarining oshishi sabab, hozirda propanning o‘rtacha narxi 1 tonnasi uchun 9,5 mln so‘mgacha yetib, dekabrga nisbatan 20% ga oshgan.

Raqobat qo‘mitasi propan narxlarini barqarorlashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida narxlar doimiy monitoring qilinayotganini ma’lum qildi hamda narxlar bo‘yicha asossiz axborotlar tarqatmaslikka chaqirdi.

Respublikasi tovar-xom ashyo birjasida (O‘zRTXB) propan narxi oshishda davom etmoqda. 8-yanvar kuni suyultirilgan gaz bir kunda 7,1% ga qimmatlab, bir tonnasi 9,27 mln so‘mdan oshdi. Yil boshidan buyon narxlar 14,7% ga ko‘tarildi. Taklif hajmi esa o‘tgan yil oxiriga nisbatan 16,7% ga qisqardi.

Avvalroq 8-yanvardan metan “zapravka"lar faoliyati yana cheklangani haqida xabar berilgandi. Metan “zapravka"lar soat 10:00 dan 16:00 ga qadar ishlaydi.