Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Respublika tovar xom-ashyo birjasida propan narxiga qo‘yilgan yuqori chegarani qat’iylashtirdi. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalar Spot’ga ma’lum qildi.

Qo‘mitaning 2026-yil 9-yanvardagi tegishli ko‘rsatmasi (104/02−15-son) bilan 12-yanvardan boshlab birja savdolarida suyultirilgan gaz sotish narxining har bir sotuvchi bo‘yicha boshlang‘ich narxiga nisbatan oshirish chegarasi (spred) 20% dan 10% gacha pasaytirildi.

Bundan tashqari, propan importi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun boshlangich narx 1 tonnasi uchun 7,5 mln so‘mdan oshirilsa, buyurtmalar qabul qilinmaydi. Shu tariqa, nazorat organi birja narxining cheklangan miqdorini 8,25 mln so‘m etib belgiladi.

Raqobat qo‘mitasi 2024-yilning 5-noyabridan boshlab propan narxining oshishiga sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 20% miqdorida cheklov (spred) joriy etgandi.

Nazorat organi birja savdolarida narxlarni barqarorlashtirish uchun “korreksiyalashtiruvchi” choralar ko‘rmoqda. Bozor ishtirokchilariga birjaga mahsulotlarni to‘liq hajmda va bir maromda chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar yuborildi.

Bundan tashqari, noyabr-dekabr oylarida metan gaziga kiritilgan vaqtinchalik cheklovlar fonida suyultirilgan gaz narxlarini asossiz oshirmaslik bo‘yicha bozor ishtirokchilariga ogohlantirishlar yuborgan. Shunga qaramay, ayrim xo‘jalik yurituvchilarda manipulyatsiya va muvofiqlashtirilgan harakatlar alomatlari kuzatilmoqda. Qo‘mita bu bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi.

Raqobat qo‘mitasi propan narxining oshishini ichki bozorda mahalliy mahsulot ulushining keskin kamayishi bilan izohladi. 2025-yilda birjada sotilgan suyultirilgan gazning 61%i mahalliy mahsulot bo‘lgan bo‘lsa-da, uning ulushi yil boshidagi o‘rtacha 80% dan 2025-yil oxiriga kelib 35% gacha, 2026-yil yanvarida esa 10% gacha tushgan.

Mahalliy propan aholi va ijtimoiy soha ehtiyojlariga yo‘naltirilgani sababli uning narxi cheklovlar hisobiga 7 mln so‘mdan oshmagan, import mahsulot esa 8 mln so‘mgacha yetgan. So‘nggi oylarda import ulushi va talabning oshishi fonida birja narxlari shakllanib, propanning o‘rtacha bahosi 9,5 mln so‘mgacha ko‘tarilgan (+20%).

Avvalroq 8-yanvardan metan “zapravka"lar faoliyati yana cheklangani haqida xabar berilgandi. Metan “zapravka"lar soat 10:00 dan 16:00 ga qadar ishlaydi.