Shavkat Mirziyoyev Chirchiq aviatsiya taʼmirlash zavodiga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari korxonada amalga oshirilgan keng ko‘lamli modernizatsiya natijalari hamda uning yangi yuqori texnologik bo‘linmalari faoliyati bilan tanishdi.
Zavod negizida MDH va mintaqada yagona bo‘lgan Airbus vertolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatish markazi ishga tushirilgan.
Markaz Fransiyaning Airbus kompaniyasi tomonidan rasmiy sertifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lib, ishlab chiqarish yuqori saviyada tashkil etilgani, xalqaro standartlar va ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan talablarga muvofiqligi tasdiqlangan.
Bu yerda G‘arb aviatexnikasining zamonaviy modellari, shu jumladan, H-125, H-215 va H-130 rusumli vertolyotlar uchun servis va taʼmirlash ishlarining to‘liq zanjiri yo‘lga qo‘yilgan.
Markaz O‘zbekistonni Airbus vertolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha muhim mintaqaviy xabga aylantirish imkonini berishi qayd etildi.



Davlat rahbari markaz imkoniyatlari bilan tanishdi va mutaxassislar bilan muloqot qildi.
Shu yerning o‘zida prezidentga zavodning Su-25 harbiy samolyotlarini kapital taʼmirlash va chuqur modernizatsiya qilish bo‘yicha yangilangan sexlari taqdimot qilindi.
Ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish hisobiga endilikda korxonada texnikani zamonaviy navigatsiya tizimlari, tungi ko‘rish qurilmalari va bortdagi o‘zini himoya qilish komplekslari bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbari tashrif yakunida mamlakat mudofaa sanoati salohiyatini yana-da mustahkamlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Noyabr oyida O‘zbekiston Airbus Helicopters‘dan Flexrotor dronlarini xarid qilishi maʼlum bo‘lgandi. Uztechtrade kompaniya bilan Flexrotor uchuvchisiz tizimlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagandi.
Avvalroq Yaponiya kompaniyasi O‘zbekistonga navigatsiya uskunalarini yetkazib berishi haqida xabar berilgandi.



