Apple Google bilan Siri ovozli yordamchisining yangi versiyasi uchun Gemini sun’iy intellekt modelidan foydalanishga kelishib oldi. Bu haqda CNBC xabar bermoqda.

Kelishuv doirasida Apple’ning asosiy sun’iy intellekt modellarining keyingi avlodi Gemini neyron tarmoqlari va Google bulutli texnologiyalariga tayanadi.

Shunday qilib, kompaniya o‘tgan yilning oxiridan beri tarqalgan mish-mishlarni amalda tasdiqladi.

Kelishuv Apple Intelligence tizimining rivojlanishini ta’minlash va Siri shaxsiy yordamchisining imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tuzilgan.

Bloomberg agentligi noyabr oyida Kupertino kompaniyasi Gemini’dan foydalanish uchun yiliga $1 mlrd to‘lashi haqida xabar bergan edi.

“Apple sinchkovlik bilan baholagandan so‘ng, Google sun’iy intellekt texnologiyasi Apple Foundation Models uchun eng samarali asosni ta’minlaydi, degan xulosaga keldi”, — deyiladi kompaniyalarning qo‘shma bayonotida.

Apple’ning barcha yechimlari kompaniya qurilmalarida va unga tegishli bulutli tizimda ishlaydi, deya ta’kidladi kompaniya. Bu “sohadagi yetakchi” maxfiylik standartlarini saqlab qolish imkonini beradi.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qaror qabul qilinishidan oldin Apple Siriga OpenAI yoki Anthropic modellarini ulash imkoniyatlarini o‘rganib chiqqan, shuningdek, Mistral AI va Perplexity’ni sotib olishni ko‘rib chiqqan. Natijada kompaniya Google bilan strategik hamkorlikni tanladi.

Avvalroq Siri ilovalarni boshqarishni o‘rganishi haqida xabar berilgandi. Apple ovozli yordamchi orqali iPhone’ni boshqarishni ta’minlaydigan App Intents yangilanishini tayyorlamoqda.