Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2025-yil to‘rtinchi chorak yakunlari bo‘yicha yangilangan Banklar reytingini taqdim etdi. Bu haqda markaz matbuot xizmati Spot‘ga maʼlum qildi.

Tadqiqot 35 ta tijorat bankini qamrab olib, ularning 20 tasi yirik, 15 tasi kichik banklar toifasiga kiritildi. Indeks 27 ta ko‘rsatkichni guruhlash, o‘rtacha mamlakat darajasi yoki Bazel talablari bilan solishtirish hamda reytinglash asosida shakllantirildi.

Bu davrda bank tizimi aktivlari 892,9 trln so‘mni ($74,2 mlrd), majburiyatlari esa 759,8 trln so‘mni ($63,1 mlrd) tashkil etdi.

Kreditlar qo‘yilmalari 13% ga, depozitlar 31% ga oshdi, valyuta operatsiyalari ulushining kamayishi so‘m mustahkamlanayotganini ko‘rsatdi.

Sof foyda 13,5 trln so‘mga ($1,1 mlrd) yetib, bir yilda 57,1% ga o‘sdi. Muammoli kreditlar ulushi 4,3% dan 3,5% ga kamaydi, kapital monandligi esa minimal talablardan 1,4 barobar yuqori bo‘ldi.

Qaysi banklar yetakchi?

2025-yil to‘rtinchi chorak yakunlari bank sektoridagi yetakchi banklar o‘z barqaror pozitsiyalarini saqlab qolganini, reytingdagi qayta joylashuv esa cheklangan darajada qolganini ko‘rsatdi.

banklar, banklar indeksi, banklar reytingi, itim

Yirik banklar segmentida birinchi o‘rinni Kapitalbank, ikkinchi o‘rinni — Trastbank hamda uchinchi o‘rinni Hamkorbank saqlab qoldi.

Eng sezilarli o‘sishni O‘zsanoatqurilishbank ko‘rsatib, reytingda 3 pog‘onaga ko‘tarildi. Shuningdek, Davr bank, Orient Finans Bank, Xalq Banki hamda Ipoteka bank o‘z pozitsiyalarini yaxshiladi.

Ayni paytda, yirik banklar toifasida faqat ikki bankda faollikning pasayishi qayd etildi. Xususan, InFinBank va AloqaBank umumiy reytingda mos ravishda 4 va 3 pog‘onaga pastladi. Umuman, 13 ta bank umumiy faollik reytingida o‘z pozitsiyalarini saqlab qolgan.

ITIM raqobat kuchayib borayotgan sharoitda mazkur holat banklarning operatsion samaradorlikni, likvidlikning yetarli darajasini, aktivlar sifatini va barqarorlikni taʼminlash salohiyatini ko‘rsatishini qayd etdi.

Moliyaviy vositachilik yo‘nalishida Tenge Bank va Ipak Yuli Bank resurslarni jalb qilish va joylashtirish samaradorligi bo‘yicha mos ravishda 4 va 3 pog‘onaga pastladi. Bu toifada O‘zmilliybank, Asia Alliance Bank, Anor Bank, Biznesni rivojlantirish banki hamda Mikrokreditbank bir pog‘onaga pastladi.

Moliyaviy ommaboplik bo‘yicha OFB, Xalq banki, Agrobank, BRB va Ipoteka bankda 1 pog‘onalik pasayish kuzatildi. Aktivlar sifati bo‘yicha reytingda yirik banklarning oltitasida pasayish qayd etildi. Xususan, Agrobank 3 pog‘onaga, O‘zmilliybank, Trastbank, Anor Bank, AloqaBank va Asaka Bank esa 2 pog‘onadan pastladi.

Bank sektori bo‘yicha foyda ko‘rsatkichlarida umumiy ijobiy dinamika saqlanib qolganiga qaramay, daromad salohiyati bo‘yicha O‘zmilliybank va Anor Bank pastladi. Boshqaruv samaradorligida Mikrokreditbank va Anor Bank zaif natijalarni qayd etdi.

Likvidlilik ko‘rsatkichlarida yirik banklarning qariyb uchdan biri pozitsiyasini yo‘qotdi: Davr bank 6 pog‘onaga tushdi, Agrobank esa ushbu indikator bo‘yicha oxirgi o‘ringa tushib qoldi.

Kichik banklardan qaysilari yuqorida?

Bu guruhda nisbiy barqarorlik saqlanib qolmoqda. Reyting peshqadamlari o‘z pozitsiyalarini mustahkam ushlab turibdi. Asosiy o‘zgarishlar o‘rta segmentga to‘g‘ri kelib, bir qator banklar moliyaviy vositachilik ko‘rsatkichlarining o‘sishi va daromad olish salohiyati oshishi hisobidan o‘z pozitsiyalarini yaxshiladi.

banklar, banklar indeksi, banklar reytingi, itim

Ushbu guruhda 15 ta moliyaviy muassasaning 6 tasi, jumladan reyting peshqadami bo‘lgan Universalbank hamda undan keyingi o‘rindagi TBC Bank o‘z pozitsiyasini saqlab qoldi. Octobank esa bir pog‘onaga yuqorilab, uchinchi o‘rinni egalladi.

Ayni paytda, beshta bank pasayishni qayd etdi, ular orasida eng katta pasayish Ziraat Bank hissasiga to‘g‘ri kelib, u umumiy reytingda darhol 3 pog‘onaga tushib ketdi. Apex bank esa 3 pog‘onaga ko‘tarildi.

Shuningdek, AVO bank va Madad Invest Bank har biri ikkitadan pozitsiyaga yuqoriladi.


Avvalroq O‘zbekistonda 2027-yili birinchi islomiy bank xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.