Avvalroq Spot Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bino va inshootlar qurilishi nazoratini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingani haqida yozgandi. Loyiha bilan ko‘p kvartirali uy-joylarni ruxsatsiz qurganlik ma‘muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Bosh prokuror o‘rinbosari Dilmurod Qosimovga ko‘ra, qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qonunbuzarlik uchun jarima miqdorlari belgilanmoqda.

Xususan, ko‘p kvartirali uylarni ruxsatsiz qurgan fuqarolar uchun jarima miqdorini BHMning 400 barobari (164,8 mln so‘m) etib belgilash rejalashtirilmoqda. Mansabdor shaxslarga esa bu 450 barobarni (185,4 mln so‘m) tashkil etadi.

Shu bilan birga, ushbu huquqbuzarlik takroran sodir etilgan taqdirda, fuqarolar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida AQSh, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Qozog‘iston va Rossiyaning qonunchilik hujjatlari o‘rganildi. Qonun loyihasi qabul qilinishida davlat budjetidan qo‘shimcha xarajat talab etilmaydi.

Hujjat Vazirlar Mahkamasi, Oliy sud, Qurilish, Iqtisodiyot va moliya, Adliya vazirliklari hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan kelishilgan.

Dilmurod Qosimov bundan avval O‘zbekistonda 1400 dan ortiq ko‘p qavatli uy-joy ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilgani aniqlanganini aytgandi. Qoidabuzarliklar uchun 85 ta loyiha tashkilotiga nisbatan taqdimnoma kiritilib, 8 tasining litsenziyasi bekor qilingan, 115 ta noqonuniy bino buzdirilib, 98 ta holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.


Avvalroq qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov O‘zbekistonda eskrou tizimi ishlab chiqilgan, ammo qonunchilikka o‘zgartirish kiritish talab etilishi haqida aytgandi.