Avvalroq Spot Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bino va inshootlar qurilishi nazoratini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingani haqida yozgandi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Dilmurod Qosimov majlisda oxirgi to‘qqiz yilda jami 11 834 ta ko‘p qavatli uy-joyning zilzilabardoshligi xatlovdan o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xatlov jarayonida 2017−2024-yillarda qurilgan 8974 ta va 2025-yilda qurilishi rejalashtirilgan 2559 ta hamda foydalanishga topshirilgan 301 ta uy-joy o‘rganilgan. Natijada 1 434 ta uy-joy ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilgani, 185 ta bino-inshootda esa noqonuniy ravishda qo‘shimcha qavat qo‘shilgani aniqlandi.

2025-yil 1-iyuldan o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlarni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazish to‘xtatilganiga qaramay, noqonuniy qurilishlar soni 213 taga oshgan.

Vizual o‘rganishlarda 1 346 ta ko‘p qavatli uy-joyni instrumental texnik tekshiruvdan o‘tkazish zarurligi aniqlandi. Hozirgacha 778 ta obyekt tekshirilib, 568 tasida tekshiruvlar davom etmoqda. Tekshiruvlarda 142 ta ko‘p qavatli uy-joyni mustahkamlash zarurligi aniqlangan, bittasi esa seysmik jihatdan zaif — yaroqsiz deb topilgan.

Dilmurod Qosimov qoidabuzarliklar uchun 85 ta loyiha tashkilotiga nisbatan chora ko‘rish bo‘yicha taqdimnoma kiritilib, 8 tasining litsenziyasi bekor qilinganini bildirdi. Shuningdek, 115 ta bino tegishli tartibda buzdirilgan, 98 tasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Aprel oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi Qurilish vazirligidan hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazildi. Inspektorlar qurilishlarda nazoratni amalga oshirishda bodikamera va maxsus planshetlardan foydalanishlari kerak.

Dekabr oyida qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov O‘zbekistonda 38 ming xonadondan iborat noqonuniy qurilgan ko‘p qavatli uylar mavjudligini maʼlum qildi. Sherzod Hidoyatovning so‘zlariga ko‘ra, ular bo‘yicha ishchi guruh tuzilib, vazirlik vakillari joylarga chiqqan holda obyektlarning seysmik mustahkamligini o‘rganadi.

Shuningdek, vazir fuqarolarni uy-joy sotib olishdan oldin obyektning Qurilish nazorati inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tganini tekshirishga chaqirdi. Uning aytishicha, vazirlikning barcha yo‘nalishlari raqamlashtirilgan bo‘lib, qurilish jarayonlari “Shaffof qurilish” platformasi orqali doimiy nazorat qilinmoqda. Fuqarolar ushbu platforma orqali qurilish ishlari qanday olib borilayotganini muntazam kuzatib borishi mumkin.

Avvalroq ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.