Donald Tramp Eron bilan savdo qiluvchi barcha mamlakatlar uchun import bojlari joriy etilishini e’lon qildi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

“Bugundan boshlab Eron bilan biznes olib borayotgan har qanday davlat AQSH bilan barcha turdagi biznes operatsiyalari uchun 25% lik tarif to‘laydi. Buyruq qat’iy va yakuniy hisoblanadi,” — deb yozdi Tramp.

Oq uy rahbari qarorni Eronda taxminan ikki hafta davom etayotgan tartibsizliklar fonida e’lon qildi. Eron rialining keskin qadrsizlanishi tufayli 2025-yil dekabr oyi oxirida boshlangan norozilik namoyishlari politsiya va xavfsizlik kuchlari bilan keng ko‘lamli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.

AQSHda joylashgan Inson huquqlari faollari yangiliklari agentligi (HRANA) tartibsizliklar paytida kamida 599 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Tramp bir necha bor Eron rasmiylariga norozilik namoyishlari kuch bilan bostirilgan taqdirda harbiy aralashuv bilan tahdid qilgan, deb yozadi Reuters.

Trampning matbuot kotibi Kerolin Levitt AQSH prezidenti Eronga nisbatan turli variantlarni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. “Biroq diplomatiya birinchi navbatdagi tanlov bo‘lib qolmoqda,” — deya ta’kidladi u.

Financial Times’ning Trade Data Monitor resursiga tayanib yozishicha, 2025-yilning birinchi yarmida Eronning eng yirik savdo hamkorlari qatoriga Xitoy, Turkiya, Pokiston va Hindiston kirgan. Eron bilan hammasi bo‘lib 100 dan ortiq mamlakat savdo qilardi.

Eron ham 2025-yilning yanvar-noyabr oylari yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonning eng yaxshi 20 ta savdo hamkori qatoriga kirdi. Ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $519,2 mlnga yetib, 2024-yilning shu davriga nisbatan 16,2% ga o‘sdi.

Nashr e’lon qilingan vaqtda Oq uy sayti bojlarni joriy etish to‘g‘risidagi farmonni yoki uning imzolanishi to‘g‘risidagi rasmiy xabarlarni e’lon qilmagan.

Tramp ma’muriyati prezident qanday vakolatlar asosida bojlar joriy etishi va ular qaysi mamlakatlarga nisbatan qo‘llanilishiga aniqlik kiritmagan.

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi bu qarorni keskin tanqid qilib, savdo urushlarida “g‘oliblar bo‘lmasligini” aytdi. Janubiy Koreya savdo vazirligi yangi bojlar bilan bog‘liq vaziyat oydinlashganda “har qanday zarur choralarni” ko‘rishga va’da berdi.


Avvalroqw AQSH Davlat departamenti 2025-yilda 100 mingta vizani bekor qilgani haqida xabar berilgandi.

Ko‘rsatkich 2024-yilda Jo Bayden prezidentlik qilgan ma’muriyat davrida bekor qilingan vizalar sonidan ikki barobar ko‘pdir.