Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘rnatilgan qat’iy talablar ortidan birjada propan narxi tushdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Suyultirilgan gaz narxlarini barqarorlashtirishga qaratilgan choralar natijasida, birjada o‘rtacha narxlar 18% ga — 9,3 mln so‘mdan 7,8 mln so‘mgacha pasaydi.

2025-yilning noyabr-dekabr va joriy yilning yanvar oyida birja savdolarida propanning boshlang‘ich narxlarini asossiz oshirish va hajmlarni sun’iy ravishda chiqarmaslik maqsadida raqobatga zid bo‘lgan muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirish alomatlari bilan 92 import qiluvchi korxonalarga nisbatan monopoliyaga qarshi ish qo‘zg‘atildi.

Ularning asosiy qismi — 22 tasi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda Samarqand (17 ta) hamda Farg‘ona (13 ta) turibdi. Shu bilan birga, Xorazmdagi 12 ta, Andijonda -7 ta, Qoraqalpog‘iston va Qashqadaryo — har birida 5 tadan, Namangan va Sirdaryo — har birida 4 tadan, Buxoroda — 3 ta hamda Toshkent viloyatidagi 1 ta xo‘jalik yurituvchiga ish ochilgan.

Nazorat organi chakana narxlarni asossiz oshib ketmaslik bo‘yicha yoqilg‘i quyish shoxobchalarida doimiy monitoring amalga oshirilayotganini qo‘shimcha qildi.

Raqobat qo‘mitasining tegishli ko‘rsatmasi bilan 12-yanvardan boshlab Respublika tovar xom-ashyo birjasida suyultirilgan gaz narxining boshlang‘ich narxga nisbatan oshish chegarasi 20% dan 10% gacha pasaytirildi.

Shuningdek, importchilar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun propanning boshlang‘ich narxi 1 tonnasi uchun 7,5 mln so‘mdan oshsa, buyurtmalar qabul qilinmaydi. Natijada birjada maksimal narx 8,25 mln so‘mni tashkil etadi.

Raqobat qo‘mitasi 2024-yilning 5-noyabridan boshlab propan narxining oshishiga sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 20% miqdorida cheklov (spred) joriy etgandi.

Nazorat organi birja savdolarida narxlarni barqarorlashtirish uchun “korreksiyalashtiruvchi” choralar ko‘rmoqda. Bozor ishtirokchilariga birjaga mahsulotlarni to‘liq hajmda va bir maromda chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar yuborildi.