Qonunchilik palatasi majlisida bino va inshootlar qurilishi nazoratini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu hujjatda ko‘p kvartirali uy-joylarni ruxsatsiz qurganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, “Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeks ga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, bunday huquqbuzarlik uchun ma‘muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, mazkur qoidabuzarlik takroran sodir etilgan taqdirda, jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilyapti.
Shaharsozlik kodeksida esa “master reja” tushunchasi shaharsozlik hujjatlarining alohida turi sifatida mustahkamlanmoqda.
Qonun loyihasida ko‘priklar va tonnellar, shuningdek, xavf darajasi yuqori bo‘lgan obyektlarni loyihalash va qurish uchun berilgan litsenziyalarning amal qilish muddatini cheklanmagan holda belgilash amaliyotini bekor qilish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, qurilish-montaj ishlarini boshlashda xabardor qilish tartibidan ruxsatnoma berish tizimiga o‘tish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi.
