Avvalroq prezident raisligida energiya samaradorligini oshirish hamda elektr energiyasi taʼminotida bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Unda qayd etilishicha, xalqaro ekspertlarning xulosalari O‘zbekiston eng ko‘p energiya sarflaydigan mamlakatlar qatoriga kirishini ko‘rsatgan.
Xususan, mamlakatda binolarning yakuniy energiya isteʼmolidagi ulushi qariyb 50% ni tashkil etib, bir kvadrat metrga to‘g‘ri keladigan energiya sarfi Yevropa mamlakatlariga nisbatan bir necha barobar yuqori.
Shu bois, o‘tgan yilda energiya samaradorlik sohasidagi islohotlarni tizimli yo‘lga qo‘yish uchun alohida Energiya samaradorligi milliy agentligi tashkil etildi. Unga 2030-yilgacha iqtisodiyotda energiya sarfini kamida 20% ga, davlat idoralari va ijtimoiy obyektlarda esa energiya isteʼmolini 15% ga qisqartirish vazifasi yuklatilgan.
Taqdimotda agentlikning 2026-yildagi faoliyati rejalari ko‘rib chiqildi.
Mamlakatdagi binolarning katta qismi o‘tgan asrning 60−70-yillarida qurilgan bo‘lib, ularda energiya sarfi darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Shu bois, ijtimoiy obyektlar va aholi turar joylarini energiya samarador obyektlarga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar rejalashtirilgan. Bu ishlarga 2026-yilda 150 mlrd so‘m subsidiya va kompensatsiya mablag‘lari yo‘naltiriladi.
O‘zbekistondagi 30 mingga yaqin ijtimoiy obyektlarning energiya samaradorligini oshirishda xalqaro moliya institutlari ishtiroki va xususiy sektor investitsiyalarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Joriy yilgi investitsiya dasturi doirasida 770 ta ijtimoiy obyekt energiya samaradorlik standartlari asosida modernizatsiya qilinadi. Bunga xalqaro moliya institutlaridan $264 mln mablag‘ jalb etiladi.
Shu bilan birga, energiyani tejash orqali daromad olish mexanizmlari — energiya servis kompaniyalarining xizmatlarini (ESCO) rivojlantirish va ushbu bozorni shakllantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Binolarni energiya auditdan o‘tkazish, energiya samaradorlik standartlari asosida loyihalash va modellashtirishda raqamli texnologiyalar hamda sunʼiy intellekt imkoniyatlarini keng qo‘llash rejalari haqida axborot berildi.
Sanoat sohasida ham energiya tejamkorlikni oshirish bo‘yicha aniq rejalar belgilangan. Jumladan, joriy yilda 142 ta to‘qimachilik korxonasiga quyosh panellarini o‘rnatib, 722 mln kVt/soat elektr energiyasi va korxonalarning 693 mlrd so‘m mablag‘i tejalishi kutilmoqda. Shuningdek, ichimlik suvi taʼminoti tizimida 300 ta nasosni yangilash rejalashtirilgan.
Markazlashgan issiqlik taʼminoti tizimidagi mavjud muammolarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ayni paytda issiqlik qozonxonalari va tarmoqlarining bir qismi eskirishi oqibatida energiya yo‘qotishlari yuqori darajada qolmoqda.
Joriy yilda issiqlik qozonxonalari va tizimlarini modernizatsiya qilish, ularni “yopiq tizim"ga o‘tkazish doirasida 400 ta individual issiqlik punktlarini o‘rnatish va kamida 100 kilometr issiqlik tarmoqlarini yangilash ko‘zda tutilgan.
Mutasaddilarga binolarni qurish, taʼmirlash va rekonstruksiya qilishda energiya samaradorlik standartlari va taʼsirchan qoidalarni ishlab chiqish topshirildi.
Avvalroq elektr energetikasi tizimida texnologik buzilishlarni tekshirish tartibi belgilangandi.

