Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar kuni energiya samaradorligini oshirish hamda elektr energiyasi taʼminotida bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda elektr energiyasi sohasida raqobatli bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Xususan, past kuchlanishli elektr tarmoqlarini xususiy sektorga berish ishlari Samarqand viloyatidan boshlanib, keyingi bosqichda Andijon, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahriga kengaytirilishi rejalashtirilgan. Bu orqali tarmoqlarni yangilashga investitsiyalarni jalb etish orqali yo‘qotishlarni keskin kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Elektr energiyasining ulgurji bozorini shakllantirish ishlarining borishi to‘g‘risida axborot berildi.


Hozirgi kunga qadar yiliga 10 mln kilovatt-soatdan ko‘p elektr isteʼmol qilayotgan ulgurji isteʼmolchilar ro‘yxati tuzildi. Ushbu korxonalar uchun elektr energiyasini ulgurji bozorda “soatbay” shakllangan narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilish tizimini joriy etish taklif etildi.
Bugungi kunda energetika va kommunal sohalar bo‘yicha alohida regulyatorlarni tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Xorijiy tajribadan kelib chiqib, bu borada yagona regulyatorni tashkil etish taklifi bildirildi.
Prezident mazkur takliflarni maʼqullab, energiya samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va energetika bozorida raqobat muhitini shakllantirish muhimligini taʼkidladi hamda mutasaddilarga tegishli topshiriqlarni berdi.
Prokuratura va ichki ishlar organlari oldiga muhokama qilingan sohalarda qonun talablariga qatʼiy rioya etilishini va javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash, belgilangan chora-tadbirlarning so‘zsiz ijrosini taʼminlash yuzasidan hokimliklar bilan yaqindan ishlash vazifasi qo‘yildi.
Elektr energiyasining ulgurji bozori
2023-yilning sentabrida O‘zbekistonda energetika sohasini isloh qilishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi. Hujjat bilan 2024-yilning may oyida Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi (regulyator) tashkil etildi.
2026-yildan agentlik elektr energiyasini uzatish va taqsimlash tariflari hamda to‘lovlari miqdorlarini tasdiqlaydi. 2030-yilgacha elektroenergetika sohasida bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tish konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Hujjat bilan elektr energiyasining ulgurji bozorida talab va taklifdan kelib chiqqan holda erkin narx belgilanadi.
Davlat rahbari mamlakatda yagona elektr savdosi platformasini yaratish va 2024-yil yakunigacha uni sinovdan o‘tkazib, ishga tushirishni topshirgandi.
2024-yilning avgust oyida prezident tomonidan “Elektr energetikasi to‘g‘risida"gi qonun yangi tahrirda qabul qilingandi. Elektr energiyasi uchun tariflar va to‘lovlarni belgilash regulyator tomonidan amalga oshiriladi.
2030-yilgacha davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturiga ko‘ra, 2027-yilning 1-iyuligacha elektr tarmoqlarini, shu yil yakunigacha esa gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy operatorlarga o‘tkazish bo‘yicha shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan. Bu energiya yo‘qotishlarini kamida yarmiga qisqarishi kutilmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumida 2027−2028 yillarda elektr energiyasi va tabiiy gaz ulgurji bozoriga o‘tish yakunlanishini bildirgandi.
Energetika bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi direktori Sherzod Xo‘jayev o‘tgan yilning yanvarida 2026-yildan boshlab elektr energiyasi sohasida raqobatli ulgurji bozor mexanizmlari to‘liq ishga tushishini aytgandi.
2025-yil 11-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi chiqishida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonda elektr energiyasi uchun soatbay tariflar ishlab chiqilayotgani haqida gapirgandi.
Spot, avvalroq, 1-fevraldan gaz va elektr subsidiyasiga onlayn murojaat qilish mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.


