Toshkent shahar hokimligi Shavkat Umurzakov nomidan soxta akkauntlar ochilib, fuqarolarga murojaatlar yo‘llanayotgani bo‘yicha izoh berdi.
Taʼkidlanishicha, ushbu akkauntlarda hokimning rasmi, ismi va familiyasi qo‘llanilmoqda.
Hokimlik bunday akkauntlar soxta bo‘lib, ularga ishonmaslik va muloqotga kirishmaslikni qat‘iy tavsiya etdi. Ularning barchasi firibgarlarga tegishli hisoblanadi.

Toshkent shahar hokimi yoki hokimlikka aloqador mansabdor shaxslar aholiga murojaat qilish maqsadida shaxsiy tartibda xabar yubormasligi eslatib o‘tildi.
“Agar rasmiy sahifa yoki aloqa kanali ochiladigan bo‘lsa, bu haqda faqat Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining rasmiy axborot kanallari orqali oldindan ma‘lumot beriladi”, deyiladi xabarda.
Fuqarolarga shaxsiy ma‘lumotlarni begonalarga bermaslik, shubhali xabarlar va akkauntlar haqida esa tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish lozimligi taʼkidlandi.
Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi fuqarolarni firibgarlikdan ogoh bo‘lishga chaqirgandi.
