Avvalroq prezident raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda 2025-yili Yevropaga eksport 23%ga ko‘payib, $2,3 mlrdga yetgani aytildi. Biroq ayrim davlatlardagi elchilar ushbu bozorlarda o‘zbek mahsuloti nomini tanitish bo‘yicha natija ko‘rsata olmayotgani qayd etildi.
Fransiya kimyo sanoati uchun yangi eksport yo‘nalishi, Farg‘ona, Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatidagi kimyo korxonalari uchun katta bozor ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Ushbu mamlakatdagi vakolatxonaga Fransiyada o‘g‘itga bo‘lgan talablar, ularning standartlarini Farg‘ona, Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatidagi kimyo korxonalariga yetkazish, ushbu korxonalar rahbarlari va ularning mahsulotlarini olib borib, ko‘rgazma tashkil qilish topshirildi.
Umuman, Yevropaning qishloq xo‘jaligi rivojlangan davlatlariga mineral o‘g‘it eksportini oshirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Iqlim o‘zgarishi va suv taqchilligi sharoitida Ispaniya qishloq xo‘jaligida katta yutuqlarga erishayotgani ta‘kidlandi. Masalan, Almeriya hududida 30 ming gektardan ziyod maydonda yaxlit issiqxonalar kompleksi tashkil qilingan bo‘lib, birgina soliq tushumining o‘zi 1,5 mlrd yevroga teng. Bu issiqxonalar quyosh energiyasida ishlaydi, gazdan foydalanmaydi.
Ispaniyadagi elchiga ushbu davlatning qishloq xo‘jaligidagi ilg‘or tajriba va texnologiyalarini Surxondaryo va Qashqadaryoga olib kelish bo‘yicha dastur qilish topshirildi.
Niderlandiya qishloq xo‘jaligi eksporti bo‘yicha dunyodagi TOP-3 davlatlar qatoriga kiradi.
Issiqxonachilik yo‘nalishidagi 100 dan ortiq kompaniyalarni birlashtirgan World Horti Center innovatsiya va bilim markaziga har yili butun dunyodan 40 mingdan ziyod mutaxassislar kelib malakasini oshiradi.
Belgiyadagi elchiga ushbu markazga kamida 100 nafar mahalliy mutaxassisni olib borib, issiqxona sohasidagi ilg‘or innovatsiya va tajribalarni o‘rganishni tashkil etish topshirildi.
Avvalroq O‘zbekistonda issiqxona sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etilayotgani haqida xabar berilgandi.
