Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Endi elchilar faoliyat yuritayotgan davlatdan eksport tushumlari, turistlar oqimi, qonuniy ish joylariga fuqarolarni yuborish ular uchun KPI bo‘lishi belgilandi.

Prezident iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish orqali eksport va investitsiyalar hajmini oshirish zarurligini ta‘kidladi.

Ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar doirasida 2025-yilda umumiy qiymati $160 mlrdlik investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari bo‘yicha bitimlar imzolandi.

Tarixda birinchi bor tashqi savdo aylanmasi $80 mlrddan oshib, eksport miqdori $33,5 mlrdga yetdi. Xorijiy investitsiyalar ham keskin ko‘payib, $43 mlrddan oshdi. 2025-yili 75 ta davlatga eksport hajmi qariyb $4,5 mlrdga ko‘paygan.

Elchilar xorijiy investorlar va yirik kompaniyalar bilan birga ishlasa, bu ko‘rsatkichlarni yana-da oshirish uchun imkoniyatlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, o‘z ishlab chiqarishi deyarli yo‘q bo‘lgan, ichki bozorni to‘ldirish uchun $100 mlrdlik mahsulotni chetdan solib oluvchi Iroq O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari uchun istiqbolli bozor hisoblanadi.

Shu munosabat bilan, Iroqdan 150 ta yirik kompaniya O‘zbekistonga olib kelingani ijobiy baholandi. Ular bizdagi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, hayron qolganini, oldinlari O‘zbekiston mahsulotlari to‘g‘risida deyarli tushunchasi bo‘lmaganini aytyapti.

Ular Iroqda korxonalarning rasmiy distribyutorini ochib, Yaqin Sharq bozorlariga jadal kirib borishni reja qilyapti. Natijada shu yilning o‘zida Iroqqa yuzlab million dollarlik mahsulotlar yetkazib berishga kelishildi.

Tegishli davlatlardagi elchilar Vyetnam, Bahrayn, Portugaliya bilan ham shu tartibda ishlab, hamkorlar topishi va bu bozorlarga kirish bo‘yicha ishlashi kerakligi qayd etildi.


Avvalroq O‘zbekiston energiya samaradorligini oshirish uchun nimalar qilishi haqida xabar berilgandi.