Avvalroq prezident raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Endi yirik tadbirkorlar sinfiga o‘z loyihalarini istiqbolli mamlakatlarda joylashtirishga ko‘maklashib, bu orqali yangi bozorlarga jadal kirib borish vaqti kelgani ta‘kidlandi.
Masalan, Qatar o‘zidagi erkin iqtisodiy zonalarda investorlar uchun jozibador soliq imtiyozlari joriy qilgan, elektr energiyasi, suv va boshqa kommunal xizmatlar xarajatining 20−30%iga subsidiya beryapti.
Agar Qatardagi sanoat zonalarida mahalliy korxonalarni ishlab chiqarishi tashkil qilinsa, ushbu davlat orqali 60 mln aholisi bo‘lgan Ko‘rfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi.
Qatardagi elchi va boshqa mutasaddilarga bu borada mahalliy korxonalar bilan ishlab, loyihalarni boshlash topshirildi.
Misr tajribasi asosida Kitob tumanida 5 gektardan 100 tonna “super-super elita” kartoshka urug‘ligi olindi. Ushbu davlatdagi elchi o‘tkazgan muzokaralar natijasida misrlik investorlar buni 1 ming gektarga yetkazishga tayyor.
Misr kompaniyalaridan biri Tuproqqal‘ada 2 ming gektar cho‘lni foydalanishga kiritish va pivot uskunalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish taklifini bergan. Yana bir yirik kompaniyasi gepatit “S” virusiga qarshi dori vositasini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish tashabbusini bildirgan.
Mutasaddilarga ushbu loyihalarni boshlash topshirildi. Umuman, yangi eksport yo‘nalishi sifatida 50 dan ortiq davlatga ega, iqtisodiyoti $3 trlnga teng bo‘lgan Afrika qit‘asi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta‘kidlandi.
Tashqi ishlar, Investitsiya, sanoat va savdo vazirliklari, Misr va Qatardagi elchilarga tegishli “yo‘l xaritasi"ni tasdiqlash topshirildi.
Avvalroq O‘zbekiston Yevropaga mineral o‘g‘it eksportini oshirishi haqida xabar berilgandi.
