O‘zbekistonda tabiiy gazning kamayishi zaxiralarning kamayishi va geologiya-qidiruv ishlarining sustligi bilan bog‘liq. Bu haqda O‘zbekneftgaz matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident shu hafta kompaniyaning rejalari va vazifalari taqdimoti bilan tanishgandi. Davlat rahbari tabiiy gaz zaxiralari va qazib chiqarish hajmini oshirish hisobiga qayta ishlash korxonalari quvvatlaridan to‘liq foydalanish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Kompaniya boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov ishtirokidagi yig‘ilishda prezident topshiriqlari ijrosini ta‘minlashga qaratilgan aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilab olindi.
“Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini barqaror oshirishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omil — yangi zaxiralarning yetarli darajada qo‘shimcha qilinmayotganidir. Aksar istiqbolli investitsiya bloklari xususiy investorlarga berilgan bo‘lsa-da, ular tomonidan geologiya-qidiruv ishlari sust olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan, davlat kompaniyasi rahbari Surxondaryo, Hisor va Ustyurt mintaqalarida zaxiralar o‘sishi ta‘minlanmagan 31 ta investitsiya blokini qayta xatlovdan o‘tkazish, shuningdek, Geologiya vazirligi balansida bo‘lgan bir qator bloklarni O‘zbekneftgaz tasarrufiga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi.
Shuningdek, O‘zbekneftgaz 2026−2027-yillarda har yili 30 tadan yangi tayyorlangan istiqbolli maydonlarni qabul qilish choralarini ko‘radi.
Bundan tashqari, prezident 2026-yilda kunlik gaz qazib olish hajmini 66 mln kub metrdan 70 mln kub metrga yetkazish vazifasini qo‘ydi. Natijada kamida 25,4 mlrd kub metr qazib olish rejalashtirilgan.
Ushbu maqsadga erishish uchun aniq hisob-kitoblar asosida 149 ta geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirish, 70 ta quduqni burg‘ilash, 40 ta quduqni mukammal ta‘mirlash, shuningdek, 6 500 kv. km maydonda 3D seysmorazvedka ishlarini olib borish rejalashtirilgan.
Har bir topshiriqning bajarilishi hujjatlar bilan tasdiqlanmaguncha nazoratdan olinmaydi. Bu, o‘z navbatida, rahbarlarning shaxsiy mas‘uliyatini oshirishga xizmat qilishi kerak.
2025-yil dekabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston 2026-yilda Qoraqalpog‘istondagi yangi konlar hisobiga tabiiy gaz qazib olishning pasayishini to‘xtatishni rejalashtirayotganini aytgandi.
Avvalroq 2026-yilda O‘zbekneftgazga geologiya-qidiruv ishlari uchun 30 ta hudud berilishi haqida xabar berilgandi.
