Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda fuqarolarga xorijda yuqori daromadli ish o‘rinlarini topib berish masalasi muhokama qilindi. Hozirda aholi tashkiliy migratsiya asosida 30 dan ortiq davlatda mehnat qilmoqda. Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya kompaniyalari mutaxassislarga talabidan kelib chiqib, O‘zbekistonda o‘quv kurslarini tashkil etdi.
Yaponiya kompaniyasi qurilish, haydovchilik, mehmonxona va restoran xizmati yo‘nalishlarida “10 ming nafar o‘zbek mutaxassisini jalb qilish” loyihasini boshladi. Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishchilar yuborilmoqda.
Qolgan mamlakatlardagi elchilar bunday tajribani boshqa davlatlar bilan yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatmayotgani qayd etildi. Chetdan ishchi kuchini faol jalb etayotgan Avstriya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Chexiya, Saudiya Arabistonidagi elchilarning mazkur yo‘nalishdagi ishlari qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda Shvetsiya, Daniya va Norvegiyada 300 ming ishchilarga ehtiyoj bor. Norvegiyalik ish beruvchilar bu yilning o‘zida 3 ming fuqaroni o‘zlari o‘qitib, ularga Yevropa standartlari asosida sertifikat berishga tayyor. Yoki Shvetsiya grant ajratib, ijtimoiy xodimlarni tayyorlash va joriy yilning o‘zida 500 nafarini ishga olish taklifini bermoqda.
Mutasaddilarga Shvetsiya, Daniya va Norvegiya bilan kelishuvga erishib, fuqarolarni yuqori daromadli ish o‘rinlariga yuborish muhimligi ta’kidlandi. Shvetsiya va Latviyadagi elchilar bilan birgalikda Nordik davlatlar bilan tashqi mehnat migratsiyasi borasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish topshirildi.
O‘tgan yili AQSH hukumati qishloq xo‘jaligi ishchilari uchun maxsus viza olishni soddalashtirgani qayd etildi.
Ushbu mamlakatdagi elchiga AQSHdagi mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga O‘zbekistonni kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish topshirildi.
Bundan keyin har bir viloyat hokimi ishchi kuchi qabul qiluvchi rivojlangan davlatlar hududlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlash amaliyotini yo‘lga qo‘yishi kerakligi aytildi. Har bir elchi xorijda yuqori daromadli ish o‘rinlarini topish, aholini shunga mos kasb va tilga o‘qitishga ham mas’ul bo‘ladi.
Bu borada Yaponiya, Shvetsiya, Norvegiya, Bolgariya, Avstriya, Xorvatiya, Sloveniya, Serbiya, Gretsiya va O‘mon bilan migratsiyaga oid hukumatlararo va idoralararo bitimlarni imzolash muhimligi ta’kidlandi.
Avvalroq Belgiya o‘zbekistonliklar uchun qonuniy mehnat imkoniyatlarini kengaytirishi haqida xabar berilgandi.
