X Grok’da foydalanuvchilar uchun haqiqiy odamlarga oid ochiq tasvirlarni chekladi.
Ijtimoiy tarmoq X’dagi Grok akkaunti orqali ochiq kiyimdagi haqiqiy odamlar tasvirlarini yaratishni cheklovchi “texnik choralar"ni joriy etganini ma’lum qildi.
Kompaniya, shuningdek, “noqonuniy bo‘lgan yurisdiksiyalarda” Grok ilovasi orqali behayo rasmlar yaratish funksiyasini bloklashni boshladi.
X qoidalarning o‘zgarishi haqida Kaliforniya hukumati real odamlar, jumladan, voyaga yetmaganlar bilan ularning roziligisiz jinsiy xarakterdagi tasvirlar yaratilgani uchun ijtimoiy tarmoqqa qarshi tergov boshlaganidan keyin gapirdi.
2025-yil dekabr oyida xAI Grok suhbat-botidagi tasvirlarni tahrirlash funksiyasini yangiladi. Shu bilan birga, X tarmog‘ida lentadagi postlardagi rasmlarni bepul sun’iy intellekt yordamida tahrirlash imkoniyati qo‘shildi. Yaratilgan tasvirlar asl postning sharhlari qismida ko‘rsatilardi.
2026-yil yanvar oyida ommaviy axborot vositalari foydalanuvchilar funksiyani suiiste’mol qilayotgani va haqiqiy odamlarning fotosuratlari asosida ommaviy ravishda behayo tasvirlar yaratayotganiga e’tibor qaratdi.
Shundan so‘ng Malayziya va Indoneziyada chat-botga kirish bloklandi. Tanqidlar fonida X postlar ostidagi @grok belgisi ostida rasmlarni tahrirlashni faqat pullik obunachilar uchun ochiq qildi.
Shunga qaramay, Britaniya regulyatori Ofcom hukumat iltimosiga ko‘ra X kompaniyasiga qarshi tergov boshladi.
Avvalroq Spot Ilon Mask X’da foydalanuvchi nomlarini sotishni boshlagani haqida yozgandi.
Ijtimoiy tarmoq (sobiq Twitter) Premium+ tarifi obunachilari uchun taxalluslar marketpleysiga kirish imkoniyatini ochdi.
