Avvalroq Markaziy bank boshqaruvining qarori bilan Yangi bank’ning bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olingani, bank faoliyati tugatilayotgani haqida xabar berilgandi.

Omonatlarni kafolatlash agentligi (OKA) matbuot xizmati omonatchilarning mablag‘lari qanday tartibda qaytarilishi bo‘yicha izoh berdi.

Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar va tadbirkorlarning 200 mln so‘mgacha bo‘lgan omonatlari davlat tomonidan kafolatlangan bo‘lib, ular bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari belgilangan tartib va muddatlarda, to‘liq hajmda amalga oshiriladi.

Hozirgi kunda to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun barcha zarur tashkiliy, moliyaviy va texnik tayyorgarlik ishlari boshlangan. Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan kompensatsiya to‘lovlari uchun yetarli moliyaviy resurslar shakllantirilgan.

“Kompensatsiya to‘lovlari bilan bog‘liq barcha jarayonlar vakolatli davlat organlarining doimiy va qat’iy nazorati ostida amalga oshirilmoqda. Asossiz xavotir va sarosimaga o‘rin yo‘q”, — deyiladi xabarda.

OKA to‘lovlarning belgilangan tartibda amalga oshirilishini ta’minlashga va’da berib, fuqarolardan faqat rasmiy axborot manbalariga tayanishni so‘radi.

Kompensatsiya to‘lovlariga oid muhim ma’lumotlar qo‘shimcha ravishda Markaziy bank va Omonatlarni kafolatlash agentligining rasmiy saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlari orqali e’lon qilib boriladi.

Bundan tashqari, Yangi Bank matbuot xizmati bank litsenziyasi chaqirib olinishi va faoliyati tugatilishiga oid xabarlar fonida mijozlarga omonatlarni qaytarib olib berishni va’da qilayotgan firibgarlar paydo bo‘lganini ma’lum qildi.

“Hozirda firibgarlar mijozlarga shaxsiy xabarlar orqali ommaviy ravishda yozib, “omonatlarni qaytarishda yordam berish"ni taklif qilyapti. Bu yolg‘on. Quyidagi ma’lumotlarni hech kimga bermang: pasport, omonatlar bo‘yicha shartnoma raqamlari, SMS-kodlar va karta va hisobraqamlar ma’lumotlari” — deyiladi xabarda.

Yangi Bank omonatlar masalasi bo‘yicha yagona rasmiy murojaat manzili Omonatlarni kafolatlash agentligi ekanligini eslatib, unga oid savollarni agentlikning +998−55−550−05−00 raqamiga yo‘llashni so‘radi.

Shuningdek, bank omonatlarni qaytarishning rasmiy tartibi 3 kun ichida e’lon qilinishini, ungacha mijozlar hech qanday hujjatlarni rasmiylashtirishi kerak emasligi bildirildi.

Yangi bank’da aniqlangan kamchiliklar

“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonun ga muvofiq, bank ustav kapitalining eng kam miqdori 2025-yil 1-yanvardan boshlab 500 mlrd so‘mni tashkil etishi lozim. Biroq, 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, Yangi bank‘ning ustav kapitali 355 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Markaziy bank Yangi bank kuzatuv kengashi va boshqaruviga ustav kapitalini minimal talabga muvofiq shakllantirish zarurligi bo‘yicha bir necha bor yozma ogohlantirishlar bergan. Shunga qaramay, bank bu masalada yetarli amaliy choralar ko‘rmagan.

Ustav kapitalini oshirmaslik hamda ayrim moliyaviy operatsiyalar uchun cheklovlarga amal qilmaslik “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunning 54-moddasiga muvofiq jiddiy qoidabuzarliklar hisoblanadi hamda bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani chaqirib olish uchun asos bo‘ladi.

Shu bilan birga, mazkur qonunning 77-moddasi bilan bankning ketma-ket uch chorak davomida regulyativ kapitalining 10%idan ortiq miqdorda zarar ko‘rganligi yoki zarar miqdori muddatidan qat’iy nazar regulyativ kapitalning 50%idan ortiq qismini tashkil etganligi yoxud bunday zarar yuzaga kelish ehtimoli mavjudligi bank litsenziyasini chaqirib olish uchun asos bo‘ladi.

Avvalroq Spot banklardagi so‘mdagi eng daromadli omonatlar haqida yozgandi.