Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) Qashqadaryoda quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi uchun qariyb $200 mln ajratadi. Bu haqda bank saytida ma’lum qilindi.
Ajratiladigan mablag‘lar hisobidan Qashqadaryo viloyatida 300 MVt quvvatli yangi quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MVt·soat sig‘imli akkumulyatorli energiya saqlash qurilmasi quriladi.
Moliyalashtirish paketi $141,6 mln (122,1 mln yevro)gacha bo‘lgan YTTBning asosiy krediti hamda $25 mln (21,6 mln yevro)gacha bo‘lgan kafolatlangan kreditdan iborat bo‘ladi.
U qayta tiklanuvchi va ekologik toza energetika sohasida faoliyat yurituvchi Masdar kompaniyasiga to‘liq tegishli, maxsus loyihalar bilan shug‘ullanuvchi Nur Kashkadarya Solar kompaniyasiga taqdim etiladi.
YTTB, shuningdek, HIPCA maxsus jamg‘armasi doirasida Kanadadan $20 mln va Finlyandiyadan $5 mln miqdorida imtiyozli mablag‘larni jalb qiladi.
Bundan tashqari, loyiha Yaponiya-YTTB hamkorlik jamg‘armasi va YTTB tomonidan ajratiladigan $3,9 mlnlik imtiyozli moliyalashtirishga ega bo‘ladi. Loyihani Osiyo taraqqiyot banki ham hamkorlikda moliyalashtirishi kutilmoqda.
Loyiha YTTB tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha hukumat rejasiga hissa qo‘shadi.
Mazkur reja 2030-yilga borib umumiy quvvati 25 GVt bo‘lgan quyosh va shamol energetikasini rivojlantirishni nazarda tutadi.
Qurilish yakunlangach, quyosh elektr stansiyasi yiliga 664 GVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi, bu 60 mingta xonadonni elektr bilan ta’minlash imkonini beradi va karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 400 ming tonnagacha kamaytiradi.
Avvalroq Spot Jahon banki O‘zbekistonga $100 mln kredit va $5 mlnlik grant ajratishi haqida yozgandi.
Ushbu mablag‘lar mamlakatda biznesni rivojlantirish va ish o‘rinlarini yaratish loyihalari uchun yo‘naltiriladi.
