“Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov dabdabali to‘ylar uchun hashamat solig‘ini joriy etish kerakligini aytdi. Bu haqda u 16-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytdi, deb xabar berdi Gazeta.

Alisher Qodirov partiyaning dabdabali to‘ylar borasida o‘z qarashi borligi va bundan kechmagani, bu partiyaning prinsipial yondashuvi ekanini aytdi.

“Xalqimizning o‘zi tushunib yetishi kerakki, xo‘jako‘rsinga — kimlargadir nimanidir isbotlash uchun sarf qilish zamoni ortda qoldi. Ko‘rpaga qarab oyoq uzatish kerak, degan naqlni xalqimiz to‘g‘ri tushunishi lozim. Hech kim bir-biriga ko‘rsatish uchun to‘y qilishi kerak emas. Daromadimizni faqat to‘ylarga isrof qilish millatimizning og‘riqli illatlaridan biri ekanini har doim taʼkidlab kelganmiz”, — deydi u.

“Milliy tiklanish” partiyasi raisi hashamat solig‘ini joriy etish taklifi haqida gapirib, to‘yga kelgan har bir mehmon uchun soliq hisoblanishi kerakligini bildirdi.

“To‘ydan maqsad ikki yoshning nikohini jamoatchilikka eʼlon qilishmi, eʼlon qilaylik. Buni to‘rtta odam bilan o‘tkazasizmi, boyligingiz oshib-toshib ketgan bo‘lsa, hammani chaqirib, elga osh berasizmi, marhamat. Lekin cheklov tomoni soliqlar bilan bo‘lishi lozim. Bizning taklifimiz boshidan shunaqa bo‘lgan: luxury tax, yaʼni hashamat solig‘ini [joriy etish]. Hashamatni xohlayapsizmi, uning solig‘ini ham hashamatli qilib to‘lang. Masalan, 10 ming odamni chaqirib to‘y qilmoqchimisiz? To‘yda odam boshiga qarab soliq hisoblansin. 10 ming odamning solig‘ini to‘lab qo‘ying-da, keyin shuncha mehmon bilan to‘y qilavering”, — deydi Alisher Qodirov.

U kimgadir havas qilib yoki ergashib, ming kishini yig‘ib, sarf qilguncha, o‘sha pulni farzand o‘qishiga ishlatish yoki mashina olib berish, uy-joy bilan taʼminlash, degan narsani odamlarga singdirish kerakligini aytdi.

“Bizning bu qarashimiz qandaydir protokollar yoki hujjatlar bilan bo‘lmaydi. Bu manfaatlarni to‘g‘ri taqsimlash va to‘g‘ri boshqarish orqali erishilishi kerak bo‘lgan narsa”, — deya qo‘shimcha qildi partiya raisi.

Alisher Qodirov hashamat solig‘i bo‘yicha taklif berilishini va buni kerakli joylarda himoya qilishini taʼkidladi. “Lekin bu taklifni qabul qilish yo qilmasligi darajasida ko‘p emasmiz, bilib turibsiz. Ammo hamma joyda shu fikrlarimizni aytamiz”, — deydi u.


Spot, avvalroq, 2026-yilda jismoniy va yuridik shaxslar uchun mol-mulk solig‘i stavkalari qanday o‘zgargani haqida yozgandi.