Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari xorijda noqonuniy bo‘lib turgan fuqarolar borligi tashvishga solishini taʼkidladi.

2025-yili Rossiyada 150 mingdan ziyod fuqaroga “migratsiya amnistiyasi"ni qo‘llashga erishildi. Boshqa mamlakatlarda ham fuqarolarga qonuniy asosda ishlashlariga ko‘maklashish, bu borada xorijiy tomonlar bilan muzokaralarni faollashtirish, shu bilan birga fuqarolar ham o‘zlari bo‘lib turgan mamlakat qonunchiligi talablariga rioya qilishi lozimligi qayd etildi.

Bundan buyon migratsiya oqimi ko‘payib borayotgan davlatlar, ayniqsa, Yevropada mehnat migrantlari bilan ishlash elchixonalardagi konsullarning asosiy vazifasi bo‘lishi belgilandi.

Shuningdek, chet eldagi fuqarolarni konsullik hisobiga qo‘yish tartibini yana-da soddalashtirish, ortiqcha byurokratiyani qisqartirish topshirildi.

Fuqarolarning xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan turli reydlarda huquqlari buzilayotgani haqidagi xabarlar jamoatchilikda jiddiy norozilik uyg‘otmoqda. Aksariyat holatlarda Tashqi ishlar vazirligi rasmiy nota berish bilangina cheklanib qolmoqda.

“Elchi va konsullar har bir holat yuzasidan malakali yuridik yordam ko‘rsatib, xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishi shart”, — dedi prezident.

Bundan tashqari, xorijdagi yoshlar yoki talabalarning turli oqimlarga qo‘shilib qolayotgani barchani jiddiy tashvishga solishi kerakligi ta‘kidlandi. Bundan buyon elchilar “kabinet diplomatiyasi"dan voz kechib, xorijdagi vatandoshlar ishlayotgan qurilish maydoniga, yotoqxonaga, talabalar auditoriyasiga borib, ularning muammosini o‘rganib, yechimi bo‘yicha ishlashi shartligi qayd etildi.

Mutasaddilarga xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolar uchun bepul Call markaz tashkil etib, murojaatlarini tegishli vazirliklar bilan tezkor hal qiladigan tizim yaratish topshirildi.

Avvalroq o‘zbekistonliklar AQSHdagi mavsumiy ishlarga yuborilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.