Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zboshimcha egallab olingan yerlarni qonuniylashtirish jarayoni fevral oxirida qimmatlashishi haqida xabarlar tarqaldi. Kadastr agentligi matbuot xizmati holat bo‘yicha izoh berdi.
Taʼkidlanishicha, agentlik tomonidan xatlov ishlari 2024-yil noyabr oyida boshlangan edi.
Jarayonlar hozirgi kunda ham davom etmoqda. Xatlov 2028-yil 1-yanvargacha o‘tkaziladi.
“Hech qanday fevral oxirigacha ulgurmay qolsangiz, qimmatga tushasiz degan masala yo‘q. Xatlovda hech qayerga murojaat qilinmaydi. Kadastr agentligiga ham, uning tizim tashkilotlariga ham, mahalla raislariga ham. Xatlov nomi bilan xatlov, mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, xatlov o‘tkaziladi. Birorta odamning uyi qolib ketmaydi”, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, jarayonlarda hammaning uyi xatlovdan o‘tkaziladi.
Agentlik matbuot xizmati o‘z navbatida yolg‘on axborot tarqatish qonunchilikda ma‘muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatdi.
Kadastr agentligi ma‘lumotlariga ko‘ra, hozirda 291,7 mingta ariza jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. 38,28 mingta yer e‘lon qilingan, 31,8 mingta yer esa jarayonda turibdi. Shuningdek, 36,8 mingta yer eʼtirof etilgan.
2024-yilning 8-noyabridan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi. Hujjat bilan Kadastr agentligi tomonidan 2024−2025 yillar uchun reja-jadval ishlab chiqildi.
2025-yilning aprelida O‘zbekistonda ilk bor o‘zboshimcha egallangan yer va uy-joylarga bo‘lgan huquq e’tirof etilgandi. Oktabr oyida esa qishloq xo‘jaligi yerlariga ijara huquqini garovga qo‘yish tartibi belgilandi.
Avvalroq deputatlar mulk huquqlarini e‘tirof etishni soddalashtiruvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgandi.
