01

Nima bo‘ldi?

Hukumat qaroriga muvofiq Ekologik transport tizimi birinchi bosqichda 2026-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahrida joriy etildi. Tizim avtomobillarning havoga chiqaradigan zararli moddalar miqdorini belgilangan me’yorlarga mosligini nazorat qiladi. Ekologik stikerlar ham aynan shu tizim doirasida beriladi.

Shuningdek, 2026-yildan mamlakatda ishlab chiqariladigan avtomobillarning texnik hujjatlarida ularning ekologik sinfi ko‘rsatiladi. Bu ma’lumot avtomobilning hisob-ma'lumotnomasida ham aks ettiriladi.

02

Avtomobillar qanday ekologik toifalarga bo‘linadi?

Avtomobillar quyidagi mezonlarga ko‘ra ekologik toifalarga ajratiladi:

— benzin, siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanuvchi:

  • Yevro-2 va undan yuqori ekologik sinfiga (Yevro va boshqa) kiruvchi avtomobillar — “toza”;
  • Yevro-0 va Yevro-1 — “o‘rta”.

— dizelda harakatlanuvchi avtomobillar:

  • Yevro-4 va undan yuqori — “toza”;
  • Yevro-3 — “o‘rta”;
  • Yevro-0, Yevro-1 va Yevro-2 — “zararli”.

Gibrid, muqobil yoqilg‘ida (siqilgan va suyultirilgan gaz bundan mustasno) harakatlanuvchi hamda ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan transport vositalari “toza” toifa oladi.

03

Ekologik toifa qanday aniqlanadi?

Ekologik toifa avtomobilning “Yevro” ekologik sinfi yoki diagnostika tekshiruvi natijalariga qarab belgilanadi.

Agar avtomobilning ishlab chiqaruvchi tomonidan tasdiqlangan “Yevro” ekologik sinfi mavjud bo‘lsa, toifa avtomatik belgilanadi. U ko‘rsatilmagan taqdirda esa avtomobil diagnostika tekshiruvidan o‘tkazilib, natijalar elektron qayd etiladi va shu asosda toifa aniqlanadi.

Bunda ekologik toifani IIVning Innovatsiya loyihalari va aholiga servis xizmatlari ko‘rsatish markazi belgilaydi. Shuningdek, markaz diagnostika o‘tkazadi va ekostikerlarni rasmiylashtiradi.

Jarayon Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalarida ro‘yxatga olish yoki qayta ro‘yxatga olishda amalga oshiriladi va buning uchun alohida to‘lov olinmaydi.

Foydalanishdagi avtomobillar esa egasining ixtiyoriy murojaati bilan tekshiriladi.

04

Bu kimlarga shart emas?

Quyidagi avtotransport vositalariga nisbatan ekologik toifa talabi tatbiq qilinmaydi:

  • O‘zbekiston hududi bo‘ylab harakatlanadigan tranzit transportlar;
  • hududga 90 kungacha vaqtincha kirib kelganlar;
  • elektromobillar, mototsikl, skuter, moped va 3 g‘ildirakli vositalar;
  • tezkor va maxsus xizmat mashinalari;
  • jamoat transporti (taksi va marshrutkadan tashqari);
  • qishloq xo‘jaligi texnikasi;
  • “nogironligi bo‘lgan shaxs” belgisi bor transportlarga.

05

Ekostiker nima?

Ekologik stiker — avtotransport vositasining atmosferaga chiqaradigan zararli moddalar darajasini ko‘rsatuvchi maxsus yorliq hisoblanadi. U avtomobilning ekologik holatini aniqlash va havo ifloslanishini kamaytirish maqsadida joriy etilgan.

Ekologik stikerlar quyidagi namunalarda bo‘ladi:

Ekostikerlar transport vositalarini ro‘yxatga olish va qayta ro‘yxatga olishda ekologik operatorlar tomonidan beriladi. Bu orqali avtomobillar “toza”, “o‘rta” va “zararli” toifalarga ajratiladi.

06

Ekostikerni onlayn olish mumkinmi?

Uni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali onlayn olish imkoni mavjud.

Buning uchun my.gov.uz sayti yoki mobil ilovasiga kirib, qidiruv bo‘limidan “Avtotransport vositasiga ekologik stiker olish uchun ariza topshirish” xizmatini tanlash lozim.

avtomobillar, eko-stiker, ekostiker, mygov, qo'llanma, yagona portal

Arizada quyidagilarni ilova qilish kerak:

  • elektron ariza;
  • avtomobilning ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomaning elektron nusxasi;
  • pochta manzili (ekologik stikerni jo‘natish uchun).

Vakolatli organ 10 kun ichida avtomobil haqidagi ma’lumotlarni tekshirib, ishlab chiqaruvchi tomonidan berilgan ekologik sinfni avtomatik tarzda aniqlaydi.

Undan keyin ekologik toifaga mos stiker rasmiylashtirilib, ko‘rsatilgan manzilga yuboriladi. Bunda pochta xarajatlari uchun BHMning 5%i (20 600 so‘m) miqdorida to‘lov olinadi.

Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.

07

Uni qayerga va qanday yopishtirish kerak?

Ekologik stiker transport vositasining old oynasining pastki o‘ng burchagiga, ichki tomondan yopishtiriladi.

Uni boshqa joyga o‘rnatish, shuningdek, o‘zboshimchalik bilan olib tashlash va qayta yelimlash mumkin emas.

Ekologik stiker muddatsiz amal qiladi.

08

Ekostiker qachon qayta rasmiylashtiriladi?

Quyidagi holatlarda ekologik stiker qayta rasmiylashtiriladi:

  • transport vositasi boshqa shaxsga o‘tkazilganda;
  • davlat raqami o‘zgarganda;
  • old oyna almashtirilganda;
  • stiker shikastlangan yoki ranglari o‘chib ketganida.

Qayta rasmiylashtirish to‘lov asosida amalga oshiriladi.

09

Stikerni almashtirish mumkinmi?

Ha, “sariq” yoki “qizil” stiker olgan avtomobillar rangini diagnostika markazlaridagi texnik ko‘rik orqali “yashil"ga o‘zgartirish mumkin.

10

Jarima bormi?

Birinchi bosqich ixtiyoriy bo‘lib, ekostiker bo‘yicha jarimalar 2026-yildan qo‘llanilmaydi. Tizim doirasidagi jarimalar faqat 2028-yildan kuchga kiradi. Ungacha haydovchilar uchun tushuntirish va tayyorgarlik davri o‘tkaziladi.

Yo‘l harakati xavfsizligining yagona elektron tizimi va kameralar orqali haydovchilar qaysi hududga kirish mumkin yoki mumkin emasligi haqida oldindan xabardor qilib boriladi.

11

Ekozonalarda yurish mumkin emasmi?

Hududlarda ekologik zonalar tashkil etilishi belgilangan. Hozircha bunday hududlar tasdiqlanmagan.

Ushbu tartib kuchga kirgandan keyin, ekologik zonalarda maxsus yo‘l belgisi o‘rnatiladi, “o‘rta” va “zararli” toifadagi, shuningdek ekologik stikeri bo‘lmagan avtomobillarning harakati taqiqlanadi. Qoidabuzarlik javobgarlikka sabab bo‘ladi.

avtomobillar, eko-stiker, ekostiker, mygov, qo'llanma, yagona portal

Yo‘l harakati xavfsizligining yagona elektron tizimi va kameralar orqali haydovchilar qaysi hududga kirish mumkin yoki mumkin emasligi haqida oldindan xabardor qilib boriladi.

Quyidagilar ekologik zonalarda erkin harakatlanadi:

  • shoshilinch yordam va tezkor xizmatlar;
  • jamoat transporti (taksi va yo‘nalishli taksidan tashqari);
  • ekologik zonada doimiy yashovchi yoki ishlovchi fuqarolar;
  • tibbiyot muassasalariga shoshilinch murojaat qilayotgan shaxslar.

12

Qanday kirish mumkin?

“O‘rta” va “zararli” toifadagi avtomobillar bir yilga mo‘ljallangan ruxsatnoma orqali ekologik zonaga kira oladi:

  • “O‘rta” toifa — BHMning 1 baravari (412 ming so‘m);
  • “Zararli” toifa — BHMning 3 baravari (1,236 mln so‘m).

To‘lovning 40%i respublika budjetiga, 60%i Ekologiya qo‘mitasi jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.