Energetika vazirligi Farg‘onada metan “zapravka"lar uchun ko‘chma konteynerlar qurilishi kechikayotganiga izoh berdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati Spot‘ga maʼlum qildi.
2025-yilning noyabr oyida Farg‘ona vodiysida metan “zapravka"larga siqilgan tabiiy gazni ko‘chma konteynerlar orqali yetkazib berish loyihasi boshlangandi. Tizim qish mavsumida Andijon, Farg‘ona va Namangandagi bosim pasaygan “zapravka"larni gaz bilan ta’minlab, sutkasiga 15 mingtagacha avtomobilga xizmat ko‘rsatish imkonini berishi kutilgandi.
Energetika vazirligi matbuot xizmatining taʼkidlashicha, Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida konteynerlarga gaz to‘ldirishni taʼminlash uchun kompressor stansiyasi qurilishi olib borilmoqda.
Obyektda tegishli komissiya tomonidan o‘rganish o‘tkazilib, sozlash, ishga tushirish ishlari amalga oshirilyapti.
“Qurilish jarayonida qo‘shimcha texnik va xavfsizlik talablarini taʼminlash zarurati bo‘lganligi sababli ishlar maʼlum vaqt talab etmoqda. Ushbu texnik talablar to‘liq bajarilgandan so‘ng, obyektni komissiya tomonidan belgilangan tartibda qabul qilish rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarida.
Qayd etilishicha, ko‘chma metan gaz konteynerlaridan foydalanish bo‘yicha tegishli qaror loyihasi ishlab chiqilgan va hozirda manfaatdor tashkilotlar bilan kelishilmoqda.



Vazirlik konteynerlar faoliyatiga oid maʼlumotlar jamoatchilikka yetkazilishini qo‘shimcha qildi.
Loyiha doirasida Beshariq tumanida kuniga 270 ming kub metr gazni siqish quvvatiga ega kompressor stansiyasi qurilmoqda. Sinov bosqichida 30 ta Sitrak yuk avtomobili va 150 ta yuqori bosimli gaz konteyneri jalb etildi. Bir dona konteyner 6 ming kub metr gazga mo‘ljallangan bo‘lib, u o‘rtacha 300 ta yengil avtomobilga xizmat ko‘rsatadi.
Dekabr oyi boshida o‘tkazilgan Qonunchilik palatasining majlisida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 22-dekabrgacha 22 ta AGTKSHga siqilgan gaz yetkazib berish to‘liq yo‘lga qo‘yilishini va’da qildi.
Ko‘chma stansiyalar zapravkalar yopilgan yoki gaz bosimi yetarli bo‘lmagan paytlarda ulanib, 5−10 ming kub metr gaz yetkazib beradi. Vazir tizim 14 ta shoxobchada sinovdan o‘tkazilgani, “zapravka"lar ishga tushishi bilan vodiyda zaxira ta’minot tizimi shakllantirilishini qayd etgandi.
Avvalroq sovuq ob-havo sababli O‘zbekistonda “svet” va gaz ta’minotida uzilishlar bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.



