Raqobat qo‘mitasi fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida dorixonalarda “Sirli mijoz” tadbirini o‘tkazdi.
Murojaatlarda spirt so‘ralganda uning o‘rniga ayrim dorixonalar xodimlari losyon taklif etayotgani bildirilgan. Shundan kelib chiqib, dorixonalarda spirt mahsulotlarini sotish holatlari o‘rganildi.
Tekshiruvlarda 20 dan ortiq dorixona qamrab olinib, ularning taxminan 25%ida tibbiy spirt o‘rniga losyon berilgani aniqlandi.
Ayrim ishlab chiqaruvchilar litsenziya olmasdan spirt o‘rniga losyon ishlab chiqarishga o‘tgan, bu esa iste’molchilarga to‘liq ma’lumot berilmagani sababli ularni chalg‘itgan.
70%li tibbiy spirt tibbiyotda ineksiya oldidan teriga ishlov berish, asbob-uskunalarni sterilizatsiyalash, yaralarni davolash va jarrohlik amaliyotlarida qo‘llaniladi. Losyon esa spirt miqdori past bo‘lgan kosmetik mahsulot bo‘lib, asosan terini tozalash va yog‘lanishni kamaytirish uchun mo‘ljallangan.
Raqobat qo‘mitasi spirt o‘rniga losyon taklif etilishi kutilgan natijani bermasligi, iste’molchilar sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkinligini qayd etdi. Ushbu holatlar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishi alomatlari sifatida e’tirof etilib, dorixonalarga nisbatan tegishli ish qo‘zg‘atilishi mumkin.
Shu bilan birga, ularning oldini olish bo‘yicha Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga tegishli xat chiqarildi. Qo‘mita dorixonalarni iste’molchilarga to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot taqdim etmaslik qonunchilik talablarini buzish ekanligi bo‘yicha ogohlantiradi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘rnatilgan qat’iy talablar ortidan birjada propan narxi tushgani haqida xabar berilgandi.
