O‘zbekistonlik haydovchilarning Rossiyada vaqtincha bo‘lish muddatini uzaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov 17-yanvar kuni elchilar va tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqotda ma‘lum qildi.

Asosan Rossiyaga mahsulot eksport qiluvchi Farg‘ona viloyati So‘x tumanidagi Lazar Natural Fruits Export kompaniyasi vakili o‘zbekistonliklarning Rossiyada bo‘lish muddatini amaldagi 90 kundan 180 kunga uzaytirishni so‘radi. Uning aytishicha, yuk mashinalari haydovchilari limit tugashi bilan mamlakatga kirishda cheklovlarga duch kelmoqda.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadovning maʼlum qilishicha, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayevga bu masala yuzasidan “rossiyalik hamkor"ga murojaat qilgan.

“Bugungi kunda [Rossiya] hukumati Ichki ishlar vazirligiga o‘zgartirishlar kiritish va 180 kunga qaytish bo‘yicha topshiriq berdi. Hozir ular buni ishlab chiqmoqda, ammo qonunchilikni o‘zgartirish uchun biroz vaqt talab etiladi. Xudo xohlasa, yaqin orada o‘zgarishlar kiritilib, eski tartib faqat haydovchilar uchun qaytariladi. Biroq, haydovchi ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish bo‘yicha yangi talablar paydo bo‘ladi”, — dedi diplomat.

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonovning ma‘lum qilishicha, Rossiya tegishli organlariga qonunchilikka o‘zgartirish kiritilmaguncha haydovchilarga nisbatan chora ko‘rmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda o‘zbekistonlik haydovchilar Rossiya hududida to‘siqlarga duch kelmayapti.

Tadbirkor esa o‘z navbatida, o‘zbekistonlik haydovchilarga belgilangan yashash muddati chegarasidan oshib ketsa, Rossiyaga kirishga ruxsat berilmasligini, kirgan taqdirda ham mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkinligini tushuntirdi.

Botirjon Asadov tadbirkorning so‘zlariga qo‘shildi va 2025-yil oxiriga kelib ko‘plab yuk mashinalari haydovchilarining yashash muddati tugaganini, biroq yangi yil boshidan bu muddat nolga tenglashtirilganini qo‘shimcha qildi. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi amaldagi limit tugashidan oldin zarur o‘zgartirishlar kiritilishiga umid bildirdi.

2025-yildan boshlab Rossiyaga vizasiz rejimda kiruvchi chet el fuqarolarining ruxsat etilgan vaqtincha bo‘lish muddati kalendar yili davomida jami 90 kungacha qisqartirildi. Ilgari xorijliklar Rossiyada 180 kun ichida 90 kundan ortiq bo‘lmasligi mumkin edi.

O‘tgan kuzda Migratsiya agentligi o‘zbekistonliklarni “90/365” qoidasiga rioya qilishga — 365 kun davomida Rossiya Federatsiyasida 90 kundan ortiq qolmaslikka chaqirdi. Qoidalarni buzish 3 yildan 10 yilgacha Rossiyaga kirishni taqiqlashga olib kelishi mumkin.

Avvalroq Spot O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi imtiyozli savdo ikki haftadan so‘ng ishga tushishi haqida xabar bergan edi.