2026-yil 1-fevraldan boshlab AQSh 8 ta Yevropa davlarlaridan keltirilayotgan barcha tovarlarga 10% lik boj soliqlarini joriy etadi. Bu haqda prezident Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmoq sahifasida ma’lum qildi.

Boj joriy qilinadigan davlatlar: Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlyandiya hisoblanadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington o‘nlab yillar davomida hamkorlarini “subsidiyalab kelgan” va endi “qarzni qaytarish” vaqti keldi.

Tariflarni bekor qilishning asosiy sharti — AQShga Grenlandiya orolini sotish bo‘yicha kelishuv. Trampning ta’kidlashicha, orolga Xitoy va Rossiya da’vogarlik qilmoqda va bunga faqat Amerika qarshi tura oladi.

“Butun dunyodagi tinchlik xavf ostida! Xitoy va Rossiya Grenlandiyani xohlamoqda, Daniya esa buning oldini olishga ojiz”, deb ta’kidladi u.

Trampning qo‘shimcha qilishicha, garchi AQSH Daniya va boshqa davlatlar bilan muzokaralar olib borishga tayyor bo‘lsa-da, “jahon tinchlik va xavfsizligi"ni himoya qilish uchun “qat'iy choralar” ko‘rish zarur.

2026-yil 1-iyundan boshlab boj 25% gacha oshishi mumkin. Bosim “AQSH 150 yildan ortiq vaqt davomida tuzishga urinayotgan kelishuv"ga erishilmaguncha davom etadi.

Trampning tahdidlaridan so‘ng Yevropa Ittifoqi yakshanba kuni YI 27 mamlakatining elchilari darajasida favqulodda majlis chaqirdi.

Matbuotning taxminiga ko‘ra, ushbu majlisda elchilar, xususan, Fransiyaning AQSHga qarshi YeIning “majburlovga qarshi vosita"sini qo‘llash taklifini muhokama qilishgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron kun davomida boshqa Yevropa rahbarlari bilan muloqot qilib, agar Tramp chindan ham qo‘shimcha bojlar joriy etsa, YI bunga javoban o‘zining “majburlovga qarshi vosita"sini (anti-coercion instrument, ACI) ishga solishi zarurligiga ishontirishga harakat qiladi.


Avvalroq Spot AQSH Eron bilan savdo qiladigan barcha davlatlar uchun 25% lik boj joriy qilishi haqida yozgandi.

Donald Tramp bojlar haqidagi qaror “yakuniy va qat’iy” ekanligini va darhol kuchga kirishi haqida ma’lum qildi.