O‘zbekiston xalqaro aeroportlari 2025-yilda 15,504 mlndan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Yil davomida mamlakat aeroportlarida 128 972 ta aviareys amalga oshirildi, bu esa 2024-yilga nisbatan 14%ga ko‘proq. Shundan 92 480 ta reys xalqaro, 36 492 tasi esa ichki yo‘nalishlar hissasiga to‘g‘ri keldi.
Umumiy yo‘lovchilar oqimi 14% ga oshdi. Ulardan 12 mln 707 ming 101 nafari xalqaro reyslarni, 2 mln 797 ming 163 nafar yo‘lovchi esa ichki reyslarni amalga oshirgan.
Yil davomida mamlakat aeroportlarida 98 137 tonna yuk va pochta jo‘natmalari o‘tkazildi, ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 12% ga oshdi.
Avvalroq O‘zbekistondagi 5 ta yirik aeroport modernizatsiya qilinadi va xususiy boshqaruvga berilishi haqida xabar berilgandi.
Har yili kamida bitta aeroport DXSH doirasida xususiy operatorga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
DXSH loyihalari Uzbekistan Airports va xususiy sheriklar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Buning uchun Transport vazirligi mas’ul etib belgilandi.
