Telegramdagi Wallet xizmati Diyorbek Muxammedovni O‘zbekiston bo‘yicha mintaqaviy menejer etib tayinladi. Bu haqda u o‘zining LinkedIn‘dagi sahifasida ma‘lum qildi.

Muxammedov Wallet‘ga qo‘shilishdan oldin Uzcard‘da ishlagan va mahsulotlarni rivojlantirish va xalqaro hamkorlik, jumladan, Sherdor premium kartasini ishga tushirish uchun mas‘ul bo‘lgan. Shuningdek, u O‘zbekistonda Visa mahsulotlari va biznesini rivojlantirish bilan shug‘ullangan.

“Men bu ishga iqtisodiyotning rivojlanishi aholi uchun moliyaviy xizmatlarning qulayligi va soddaligi bilan bevosita bog‘liqligiga ishonganim uchun kirishganman. Wallet buni amalga oshirish uchun noyob imkoniyatga ega, chunki u O‘zbekistonning o‘n millionlab aholisi har kuni foydalanadigan 1-ilova — Telegramga tabiiy ravishda integratsiyalashgan”, — dedi Muxammedov.

Muxammedov yangi lavozimida xizmatni rivojlantirish va uning O‘zbekistonda barqaror ishtirokini ta‘minlash ustida ishlaydi. Uning asosiy vazifalari orasida bozorning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda mahsulot va brendni kengaytirish, shuningdek, foydalanuvchilar bazasini oshirish ham bor.

Ekotizimning asosiy ishtirokchilari: moliya institutlari, to‘lov va fintex kompaniyalari, regulyatorlar va mahalliy hamkorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish alohida yo‘nalish hisoblanadi. Muxammedov, shuningdek, O‘zbekistonda resurslarni taqsimlash, operatsion samaradorlik va biznesning uzoq muddatli barqarorligi uchun mas‘uldir.

“Bu hali boshlanishi: tez orada [Wallet]ning ko‘plab yangi funksiyalari va mahalliy foydalanish imkoniyatlari paydo bo‘ladi. Hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ekotizimni birgalikda rivojlantirish imkoniyatini intiqlik bilan kutmoqdaman”, — dedi Muxammedov.

Telegramdagi Wallet kriptohamyonlari O‘zbekistonda 2025-yil dekabr oyida rasman ishga tushirildi. Xizmat orqali mahalliy to‘lov tizimlaridan foydalangan holda Bitcoin, Toncoin, USDT va boshqa 200 dan ortiq mashhur kriptovalyutalarni sotib olish va sotish mumkin.

Wallet xizmati Istiqbolli loyihalar milliy agentligining litsenziyasiga ega, deya ta‘kidladi kompaniya. Platforma foydalanuvchilar va hamkorlar uchun xavfsiz, shaffof muhit yaratish maqsadida foydalanuvchilarni identifikatsiya qilish va ma‘lumotlarni himoya qilishni ta‘minlaydi.

Avvalroq Belarusda kriptobanklar va token operatsiyalari qonuniylashtirilgandi.