Sovuq sababli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati cheklandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Iste’molchilarni energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash uchun energetika tizimi 24 soatlik kuchaytirilgan ish rejimida ishlamoqda. Hududlarda jarayonlar doimiy nazoratda bo‘lib, yuzaga kelayotgan nosozliklar zudlik bilan bartaraf etilmoqda.
Vazirlik havo haroratining keskin pasayishi bilan tabiiy gazga bo‘lgan talab oshgani sabab, ayrim hududlarda quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilayotganini qayd etdi.
Birinchi navbatda aholi xonadonlari, tibbiyot va ta’lim muassasalarini gaz bilan ta’minlash uchun metan “zapravka"lar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritildi.
Energetika vazirligi choralar faqat sovuq kunlarda aholi uchun barqaror ta’minotni ta’minlashga qaratilgani, vaziyat barqarorlashishi bilan cheklovlar bekor qilinishini bildirdi. Hududlardagi vaziyatga qarab qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.
Aholi ehtiyojlarini ta’minlash uchun ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi hamda jamoat transport vositalari uchun gaz ta’minoti cheklovlarsiz, barqaror tarzda ta’minlanadi.
Metan “zapravka"larga cheklovlar
11-dekabr kuni Energetika vazirligi metan “zapravka"lar faoliyatiga vaqtincha cheklovlar kiritilishini xabar qilgandi. Bunga qo‘shni davlatdagi gaz tarmog‘ida kuzatilgan texnik nosozlik tufayli import qilinayotgan tabiiy gaz qisqargani sabab sifatida ko‘rsatilgan.
Birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta‘minlash mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan reja-grafiklarga asosan metan “zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritildi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avariya oqibatida O‘zbekistonda 6 mln kub metr gaz taqchilligi yuzaga kelganini ma’lum qildi. Vaziyatni bartaraf etish uchun qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda ishlar tashkil etilgan.
Undan keyin, hududlarda faoliyati cheklangan metan “zapravka"lar ish vaqti maʼlum qilindi. AGTKSHlar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar bois ko‘plab hududlardagi “zapravka"larda ish grafiklari o‘zgardi.
22-dekabrdan buyon barcha metan “zapravkalar” belgilangan vaqtlarda ishlayotgandi. 30-dekabr kuni soat 09:00 dan boshlab ular 24 soatlik ish rejimida faoliyat yurita boshladi.
8-yanvardan boshlab esa AGTKSHlar soat 10:00 dan 16:00 ga qadar faoliyat yurita boshladi. Farg‘ona vodiysidagi “zapravka"larning ish vaqti esa hokimliklar bilan kelishilgan holda, gaz bosimidan kelib chiqib belgilanishi bildirilgan.
