2025-yilda butun dunyo bo‘ylab milliarderlarning umumiy boyligi 16%dan ko‘proqqa oshib, tarixiy maksimal $18,3 trlnga yetdi. Bu haqda Oxfam xalqaro tashkilotining yangi yillik hisobotida keltirilgan.
O‘ta boylarning farovonligi o‘sishi so‘nggi besh yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan uch barobar yuqori bo‘ldi, 2020-yildan boshlab esa ularning umumiy mol-mulki 81% ga ko‘paydi.
Shu bilan birga, “Boylarning hukmronligiga qarshilik” nomli hisobotda sayyoramiz aholisining aksariyati ahvoli bilan keskin tafovut qayd etiladi.
Milliarderlar misli ko‘rilmagan darajada boyib borayotgan bir paytda, dunyodagi har to‘rtinchi kishi muntazam ravishda oziq-ovqat tanqisligiga duch kelmoqda, aholining qariyb yarmi esa qashshoqlik sharoitida yashamoqda.
Tashkilotning qayd etishicha, milliarderlar boyligining faqat o‘tgan yilning o‘zida o‘sishi $2,5 trlnni tashkil etgan — ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu summa o‘ta qashshoqlikni 26 marta to‘liq bartaraf etish uchun yetarli bo‘lardi.
Hisobotda, shuningdek, iqtisodiy ta’sir va jamiyatdagi jarayonlarni shakllantirish imkoniyatlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik tahlil qilinadi. Oxfam baholashicha, milliarderlar dunyodagi eng yirik media kompaniyalarining yarmidan ko‘pini va barcha asosiy ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qiladi.
Mualliflar fikricha, bu holat ommaviy munozaralarga hamda turli guruhlarning o‘z ovozini eshittira olish imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, global miqyosda fuqarolik erkinliklari va so‘z erkinligi cheklanishi qayd etishda davom etmoqda.
Oxfam International ijrochi direktori Amitabh Beharning ta’kidlashicha, tobora kengayib borayotgan tafovut xavfli va barqaror bo‘lmagan vaziyatni yuzaga keltirmoqda.
“Hukumatlar elita manfaatlariga yon bosib, boylikni himoya qilmoqda, shu bilan birga odamlarning huquqlarini poymol qilmoqda”, — dedi u.
Shu munosabat bilan tashkilot hukumatlarni tengsizlikni qisqartirish bo‘yicha milliy rejalarni amalga oshirishga, o‘ta boylar uchun yanada samarali soliq tizimini joriy etishga, shuningdek yirik kapital bilan qarorlar qabul qilish jarayonlari o‘rtasidagi to‘siqlarni mustahkamlashga chaqirdi.
Avvalroq Spot Ilon Maskning boyligi birinchi marta $700 mlrddan oshgani haqida yozgandi.
